Joylarga kim ism qo‘yadi? 

4 562

 

Osiyo
  Osiyo maydoni kattaligi jihatidan ham, aholisi ko‘pligi jihatidan ham birinchi o‘rinda turadigan qit’a. Ammo uning nomi qanday paydo bo‘lganligi haqida aniq, ishonchli ma’lumotlar yo‘q.
  Taxminlarga ko‘ra, unga Yevropa bilan birga ism berilgan. Demak, shu jihatdan ikki qit’ani egiz desa bo‘ladi.
  Qadimgi Ossuriya davlati (u hozirgi Iroq hududida bo‘lgan) tilidagi "asu” so‘zi "sharq”, "sharqiy o‘lkalar yeri” degan ma’noni anglatadi. Yevropaning nomi bu so‘zning antonimi "ereba” – "g‘arb”dan olingan.
  Rimliklar o‘zlariga qarashli ma’lum bir viloyat – provinsiyani Osiyo deb ataganlar. Keyinchalik bu so‘zning ma’nosi kengayib, butun bir qit’aga nisbatan ishlatila boshlagan. 
Avstraliya
 Qadimgi yunon geografi va astranomi Klavdiy Ptolemey janubiy yarim sharda qandaydir qit’a borligi haqida taxmin qiladi. Va bu sirli qit’ani "TERRA AVSTRALIS INKOGNITA” ("Janubdagi noma’lum yer”) deb nomlaydi.
 1605-yilda niderlandiyaning Ost-Indiya kompaniyasiga qarashli, Villem Yants (Yanszon) boshchiligidagi kema Avstraliya qirg‘oqlariga yetib keladi. Yanszon bu joyni Yangi Gollandiya deb ataydi.  Mazkur materik sohillari XIX asr oxiriga kelibgina to‘liq o‘rganib chiqiladi.
 1814-yilda ingliz dengizchisi va tadqiqotchisi Metyu Flinders boshidan kechirgan sarguzashtlari haqidagi kitobni nashr ettiradi. Mazkur asarda Yangi Gollandiyani afsonaviy Janubiy yer (Terra Avstralis) sharafiga Terra Avstralis deb nomlashni taklif etadi. Avstraliya nomi keyinchalik ommalashib ketdi. 
Antarktida
  Muz qit’aning nomi Katta Ayiq yulduz turkumining yunoncha atalishi – "Arktos” ("Ayiq”) dan kelib chiqqan.
 Yunonlar mazkur yulduz turkumi ostida joylashgan shimoliy yerlarni Arktikos deyishgan. Shu sababli shimoliy yarim shardagi yerlar Arktika deb nom olgan. Antarktida Arktikaga nisbatan qarama-qarshi nuqtada joylashgan. "Anti” oldqo‘shimchasi qarama-qarshilik, teskarilik ma’nosini bildiradi. "Id” qo‘shimchasi esa yunoncha "eydos” so‘zidan olingan va yaqinlik, o‘xshashlik ma’nolarini bildiradi.
 Garchi juda qadim zamonlardayoq janubiy yarim sharda qandaydir qit’a borligi haqida gipoteza – ilmiy farazlar aytilgan bo‘lsa-da, Antarktida eng oxiri bo‘lib kashf etilgan. Mazkur qit’a 1820 yilda Rus Antarktika ekspeditsiyasi tomonidan kashf etilgan. Bu ilmiy safarga dengiz ofitser-tadqiqotchilari F. Bellinsgauzen va M. Lazarev boshchilik qilgan. 
Braziliya
  Braziliya davlatining nomi "pau brazil” so‘zidan kelib chiqqan. Pau brazil yog‘ochi qattiq tropik daraxt. Uning vatani, aslida, Hindiston. Yevropada uni sappan, fernambuk, qizil sandal deb ataganlar. Po‘stlog‘ining rangi to‘q sariq bo‘lgani uchun Ispaniya va Portugaliyada unga brazil ("braza” – cho‘g‘, yonayotgan ko‘mir so‘zidan) deb nom berganlar. Janubiy Amerika bosib olingach portugallar u yerda tanish daraxt – brazilni uchratadi va butun bir o‘lkani Brazil, Braziliya deb ataydi. Shunday qilib, Braziliya "brazil daraxtining o‘lkasi” ma’nosini anglatadi. 
Andalusiya
  Ispaniyadagi bu qadimiy viloyatining nomi "vandallar o‘lkasi” ma’nosini anglatadi. Milodiy V asrning boshida jangari german qabilasi - vandallarning qo‘shini Yevropaning shimoli-sharqidan g‘arbiy hududlarga tomon yurish boshlaydi. Hech narsadan qaytmaydigan olomon Pireneya tog‘laridan o‘tib Ispaniyani zabt etadi. Keyin Gibraltar bo‘g‘ozi orqali Rim imperiyasi va Afrikaga yo‘l oladi. Qabila Rimni zabt etadi. Shahar ikki hafta mobaynida talanadi, madiniyat osori atiqalari vayron qilinadi.
  Dahshatga tushgan Yevropa ahli johil, insoniylik qiyofasini yo‘qotgan bu olomonni "vandallar”, moddiy ma madaniy yodgorliklarga bo‘lgan yovvoyi munosabatni "vandalizm” deb ataydi. Vandallar haqidagi xotiralar Andalusiya nomida ham saqlanib qolgan. (Vandal – Andal). 
Orifjon Madvaliyev

 

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.