Osiyoning tutilgan quyoshi 

3 468

    9-mart kuni Janubi-Sharqiy Osiyo xalqlari quyosh tutilishining to’liq guvohi bo’ldi. U Toshkent vaqti bilan 5:16 da Hind okeanining shimoli-sharqiy qismidan boshlandi. Indoneziyaning Palu shahrida uning to’liq tutilishi 2 daqiqa-yu 50 soniya davom etdi. Yarim holda tutilgan Jakarta shahri tabiat hodisasini ko’rish uchun eng ko’p odam yig’ilgan joyga aylandi. Shahardagi markaziy xiyobonda tutilayotgan quyoshni ko’rish uchun tong saharlab maxsus chiqarilgan 4 ming dona ko’zoynak tarqatildi. Indoneziyadagi to’liq quyosh tutilishini mamlakatning 12 provinsiyasida istiqomat qiluvchi 40 milliondan ortiq odamlar, qolaversa internetda to’g’ridan to’g’ri ko’rsatish orqali yer yuzining yana boshqa minglab odamlari tomosha qilishga muvaffaq bo’ldilar. 90 soniyadan to’rt minutgacha davom etgan samoviy hodisaga sayyohlar e’tiborini jalb etish uchun mahalliy hokimiyat tomonidan Sumatraning sharqiy tomonidagi Banka va Belitung orollari tanlandi. Alaska Airlines aviakompaniyasi Ankorijadan Gonoluluga uchayotgan samolyoti parvozini 25 daqiqaga kechiktirdi. Kompaniya matbuot xizmati xabarida aytilishicha, bunga yo’lovchilarning quyosh tutilishi hodisasiga guvoh bo’lishlariga imkon yaratib berish tashabbusi sabab bo’lgan. Astronom Jo Rao bir necha oy oldin bu samolyotda 25 daqiqa kech parvozga chiqsa, quyosh tutilishini aniq tomosha qilishi mumkinligini aniqlagandi. Shundan so’ng, Alaska Airlines boshqa yo’lovchilardan ham parvoz jadvalini o’zgartirish bo’yicha talablar ola boshladi. Raodan tashqari bu samolyot bortida boshqa astronomlar ham bo’lishgan va 2 daqiqa davomida Oy soyasi Yer yuzasiga yetishi, uning gardishi esa Қuyosh gardishini butkul qoplashiga guvoh bo’lishdi. Minglab singapurliklar 9 mart kuni quyosh tutilishini kuzatish uchun maxsus jihozlangan joylarga yig’ilishdi. Bu tabiat hodisasining eng cho’qqisi – quyoshning deyarli 90 foizga tutilishi mahalliy vaqt bilan soat 8:23 (Toshkent vaqti bilan soat 05:23)ga to’g’ri keldi. Mahalliy rasadxonalar istagan odam quyoshning g’oyib bo’lishini kuzatishi uchun bir necha joyda o’nlab teleskoplar o’rnatdi. "O’quvchilar g’aroyib hodisani tomosha qilishlari uchun maktablarda ham mashg’ulotlar odatdagidan kechroq boshlandi", deb xabar beradi TASS. Moviy osmon va zaif quyosh nurlariga qaramasdan butun shaharni bir soat davomida qorong’ulik qopladi. Mahalliy vaqt bilan soat 09:00 (Toshkent vaqti bilan soat 06:00)da kun yorishdi.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.