Koinot nima? 

38 519

 Bizni o`rab turgan butun moddiy dunyo, shuningdek, Yerdan tashqarida bo'lgan kosmik fazo, sayyoralar va yulduzlar Koinotni tashkil qiladi. O'z hayoti davomida turli shakllarga kiradigan materiyaning boshi ham, adog`i ham yo`q. Ko`pchilik munajjimlar, Koinot bundan 15 000 mlrd. yil muqaddam sodir bo`lgan kuchli portlash natijasida vujudga kelgan, deb hisoblaydi. Olimlar «Katta Zarba» deb ataydigan bu kuchli portlash qaynoq gazlarni turli tomonlarga haydab yubordi va, nihoyat, o`sha gazlardan galaktikalar, yulduzlar va sayyoralar tashkil topdi. Koinotning chek-chegarasi bo`lmasa kerak. Boz ustiga, u tobora kengaymoqda, ya'ni uni tashkil etuvchi galaktikalar, yulduzlar va quyosh sistemalari o`z o`rnini ozgartirib, barcha yo`nalishlar bo`yicha markazidan uzoqlashib bormoqda. Hatto eng zamonaviy astronomik vositalarning ham butun Koinotni qamrab olishga kuchi yetmaydi. Vaholonki, ular bizdan 2 milliard yorug`lik uzoqligida bo`lgan yulduzlar nurini ham ilg`ash quvvatiga ega. Balkim, o`sha yulduzlar so`nib ketgan bo`lishi mumkin, lekin teleskop ularni ko`radi (sababi, ularning shu'lasi Yerga yetib kelgunga qadar milliardlab yillar o`tadi). Koinotning kattaligi qancha? U shu darajada kattaki, munajjimlar uning ko`lamini yorug`lik yillari bilan o`lchashga majbur bo`lishadi. Yoruglik yili yorug`lik bir yil davomida bosib o`tadigan masofani anglatadi. Yorug`lik sekundiga 300 000 (186 000 mil) kilometr tezlik bilan harakat qiladi. Shunga asosan, bir yorug`lik yili 9 500 000 mln. km.ga teng.

KOINOT CHEKSIZMI?

Odamzot Koinotning haqiqiy o`lchamlarini tasavvur qilishi qiyin. Biz uning nechog`li katta ekanini bilmaymiz, binobarin, qanchalik masofaga cho`zilib ketganini tasavvur qilishimiz ham qiyin. Agar biz Yerdan uzoqlasha boshlasak, buning sababini anglab yetamiz. Yer —Quyosh sistemasining kichik bir zarrasi. Quyosh sistemasiga uning atrofida aylanadigan sayyoralar, kichik sayyoralardan iborat asteroidlar va meteorlar kiradi. Bizning butun Quyosh sistemamiz o`z navbatida «galaktika» deb ataluvchi boshqa bir katta sistemaning kichik qismidir. Galaktika million-million yulduzlardan tashkil topgan bo`lib, o`sha yulduzlarning ko`pchiligi bizning Quyoshimizdan ancha kattadir va o`z quyosh sistemalariga ega. Shunday qilib, biz Somon yo`li deb ataydigan va kechalari kuzatadigan galaktikadagi yulduzlarning barchasi «quyoshlar»dir. Ularning o`rtasidagi masofa kilometrlar bilan emas,yoruglik yillari bilan o`lchanadi. Yorug`lik bir yil davomida 9 500 000 000 000 km masofani bosib utadi. Bizga eng yaqin va yorqin yulduz bo`lmish Sentavr Alfasi Yerdan 46 000 000 000 000 km uzoqlikda joylashgan. O`z navbatida bizning galaktikamiz ham undan-da kattaroq sistemaning kichik bir bo`lagidir. Bundan boshqa yana millionlab galaktikalar mavjud bo`lib, ulardan eng yaqini bilan bizning galaktikamiz o`rtasidagi masofa 2 000 000, eng uzog`i bilan bizning galaktikamiz o`rtasidagi masofa esa trillionlab yorug`lik yillariga tengdir. Bularning barchasi bizga ma'lum bo`lgan Koinotning faqat bir bo`lagidir. Haqiqatda esa uning o`lchamlari bundan ham katta bo`lishi mumkin!
  Munajjimlarning fikri ham shunday. Asosiy muammo Koinotning aynan qanchalik katta ekanini bilishdadir. Olimlar bu savolga javob topishga harakat qilganda, fazoning o`ziga xos xususiyatlarini hisobga olishlariga to`g`ri keladi. Zamonaviy nazariyalarga ko`ra, fazo o`z atrofida egila boradi. Buning ma'nosi shuki, fazoning «tashqarisi»ga chiqish mumkin emas, chunki siz ma'lum bir chiziq bo`ylab oldinga qanchalik harakat qilmang, u, baribir, egilib, fazo «ichida» qolib ketaveradi. Uning qanday yuz berishini quyidagi misol yordamida tushuntirish mumkin. Moskvadan Vladivostokka ma'lum bir balandlikda uchayotgan samolyot Yerning egik yuzasini takrorlovchi yoy shaklini hosil qiladi. Agar u to`g`ri chiziq bo`ylab uchganda edi, manzilga yetadigan masofani bosib o`tganida bir necha ming kilometr balandlikka chiqib ketgan bo`lardi. Munajjimlarning fikricha, fazodagi har qanday harakat xuddi shu holatda sodir bo`ladi, yagona farqi shundaki, fazoning egilishi o`ta murakkab hodisadir. Uni biror surat yoki model yordamida tasvirlab bo`lmaydi, faqat oliy matematika qonunlari yordamida hisoblab chiqish mumkin. 

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.