Yerni Quyosh atrofida aylanishiga nima majbur qiladi? 

41 012

 Keling, ishni Yer va boshqa sayoralarni aylanishga nima majbur qilishini aniqlashdan boshlay qolaylik. Quyosh sistemasining paydo bo`lishi to`g’risidagi nazariyalardan biriga ko`ra, bundan, taxminan, 5 milliard yil muqaddam ulkan chang buluti paydo bo`lib, aylana boshlagan. Natijada u gardishga aylanadi va uning markazidagi issiq massadan Quyosh bino bo`ldi. Chang bulutining chetki qismlari aylanayotgan ayrim-ayrim massalarga aylanadi, ulardan keyinchalik sayyoralar paydo bo`ladi. Hozirgi paytda Yer qatori boshqa sayoralar ham aylanib turibdi. Nima uchun Yer va boshqa sayyoralar ochiq kosmik fazoga uchib chiqib ketmaydi? Bunga Quyosh gravitatsiyasi yoki tortish kuchi yo`l qo`ymaydi. Nyutonning harakat qonuniga asosan, harakatlanayotgan narsa o`ziga tashqi kuch ta'sir qilmaguncha, to`g’ri chiziq bo’ylab harakat qilaveradi. Shuning uchun ham harakatlanayotgan sayyoralar to`g’ri chiziq bo`ylab Quyoshdan uzoqlashishga intiladi, ammo tashqi kuchlar bunga to`sqinlik qiladi va sayoralarni o`z orbitasida tutib qoladi. Bunday tashqi kuch Quyosh gravitatsiyasi, ya'ni tortish kuchidir. Har bir sayora o’z orbitasi bo`ylab harakat qiladi va uning tezligi o’zi bilan Quyosh o`rtasidagi masofaga bog’liq. Sayora Quyoshga yaqin kelganida tezligi ortadi, uzoqlashganda esa susayadi. Yer Quyoshga eng yaqin borganida, tezligi sekundiga 30,2 kilometrga yetadi, eng uzoq yerga yetganda esa — 29,6 kilometrga tushadi. Sayyora orbitasi Quyoshga yaqin borganida uning tortish kuchi ortadi, uzoqlashganida esa kamayadi. Katta tortish kuchi sayyora harakatini jadallashtiradi. Masalan, Merkuriy sekundiga o`rtacha 47,9 kilometr, Pluton esa 4,6 kilometr tezlik bilan harakat qiladi. 

BIZ QAY PAYT QUYOSH ATROFIDA TEZROQ HARAKAT QILAMIZ: KUNDUZIMI, KECHASIMI?

  Bu savol anglashilmovchilikka ham sabab bo’lishi mumkin: axir, hamisha Yerning bir tomonida kunduzi bo`lsa, boshqa tomonida kechasi bo`ladi. Bu tarzda savol berishning nima keragi bor, deyishingiz ham mumkin. Bir qarashda savol noo`rinday tuyuladi. Aslida esa bu savolda ham jon bor. Bu yerda gap butun Yer sharining aylanishi to`g’risida emas, aksincha, unda yashovchi sizu bizlarning yulduzlar orasida tezroq harakat qilishimiz to`g’risida ketyapti. Buni bema'ni savol deb bo`lmaydi. Yer Quyosh sistemasida ikki xil harakat qiladi: Quyosh atrofida hamda o`z o’qi atrofida aylanadi. Ikki harakat bir-biriga mos keladi. Ammo natija biz Yerning kunduzgi yoki tungi tomonida turganimizga qarab turlicha bo`ladi. Yarim kechasi aylanish tezligi Yerning hamma nuqtalari parallel ravishda qo`zg’aladigan tezligiga qo`shiladi. Kunduzi esa, aksincha, bu tezlik yo`qoladi. Demak, biz Quyosh sistemasida kunduzgiga nisbatan tunda tezroq harakat qilar ekanmiz.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.