Kimyoviy elementlarning Yer qobig‘idagi ulushi 

2 980

Yer po‘sti, yoki, boshqacha aytganda, Yer qobig‘ining qalinligi 60 km atrofida deb baholanadi. Insonning Yer, tuproq, qazilma konlari kabilar bilan bog‘liq faoliyatining asosiy qismi aynan shu qatlamda kechadi.

Qobiq o‘z qanday elementlardan tashkil topgan?
Agar siz erinmasdan, Yer yuzi bo‘ylab ilmiy ekspeditsiyaga chiqib, Yer sirtining har yer-har yeridan har biri 1 grammdan bo‘lgan 1000000 (million) xil namuna olsangiz, ona sayyoramiz po‘stlog‘ining 1 tonnalik namunasini yiqqan bo‘lasiz. Ekspeditsiyangiz so‘ngida, yiqqan namunalaringizni umumlashtirib, uni kimyoviy laboratoriyada tahlil qilib ko‘rsangiz, Yer qobig‘ining o‘rtacha kimyoviy tarkibini aniqlashingiz mumkin.
 
Keling, bunday mushkul va mujmal ishdan sizni qutqaramiz . Bunday ekspeditsiya va tahlilni allaqachon kuchli kimyogar olimlar tomonidan bajarib bo‘lingan va siz bunday ekspeditsiyaga chiqishingizga hojat yo‘q . Quyida, olimlarning Yer qobig‘ining kimyoviy tarkibi va undagi kimyoviy elementlarning foiz hisobidagi ulushi haqidagi hisobotini infografika vositasida ma’lumot havola qilamiz.

Yerimiz po‘stlog‘ining deyarli qoq yarmi (47,4% qismi) – kisloroddan {O} iborat. Ha, odatiy tasavvurda, biz nafas oladigan ikki atomli gaz O2 sifatida namoyon bo‘ladigan ushbu element, qobiqda ham salmoqli ulushni tashkil qiladi. Albatta, kislorod Yer po‘stida asosan kremniy va boshqa metallar bilan birikkan holda, ruda shaklida uchraydi.

Qobiqda tarqalganligi bo‘yicha ikkinchi turuvchi element bu kremniydir {Si}. Yuqori texnologiyalar, xususan kompyuterlar uchun kremniyning juda toza, oliy navi zarur bo‘ladi. Qumloq sohilda sochilib yotgan oddiy tuproq tarkibidagi kremniydan esa shisha va oynalar tayyorlash mumkin. Qobiqda kremniy 27,7 % atrofidagi ulushni tashkil qiladi.
Kremniydan keyin alyuminiy {Al}, temir {Fe}, kalsiy {Ca} va natriy {Na} turadi. Yuqorida kisloroddan boshlab natriygacha sanab o‘tilgan elementlar, bir tonna namunaning 90% qismini tashkil qiladi.

Lekin, qolgan 10% tarkibiga kiruvchi noyob, nodir metallar ham sanoat, tibbiyot va ayniqsa, texnika uchun juda-juda kerak. Masalan, biz bugungi kunda ko‘nikib qolgan smartfonlarimiz va planshetlarimizni ishlashi nodir yer metallarining noyob xossalari bilan bog‘liq. O‘sha bir tonna qobiq namunasida atiga 38 gramm chiqadigan neodim {Nd} va 32 gramm chiqadigan lantan {La} shunday metallar turkumidandir. Ushbu metallarning jahon bo‘ylab zaxiralarining eng yirigi Xitoyda joylashgan. Shunga ko‘ra, jahon nodir metallar qazib olish ko‘lamining 95% qismi Xitoy mamlakati ulushiga to‘g‘ri keladi. Uran {U} ni ham ko‘pchilik kamyob elementlar sirasidan deb o‘ylaydi. Lekin uran boshqa ayrim metallardan, xususan, kumush va oltindan ko‘ra ko‘proq uchraydi.

Haqiqiy noyob metall bu – oltindir {Au}. U shunchalik kamki, hatto olimpiada medallari ham sof tilladan tayyorlanmaydi. Albatta, tog‘ konlarida va okean suvlarida ham tonnalab tilla mavjud. Lekin uni ajratib olish oson ish emas.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.