Yuklanmoqda...

Amaliy geografiyaning maqsadi va vazifalari 

3679

 Siz geografiya fani bilan tanishishni boshlang‘ich sinflarda «Atrofimizdagi olam», «Tabiatshunoslik» o‘quv fanlarini o‘rganishdan boshladingiz. 5-sinfda «Tabiiy geografiya boshlang‘ich kursi» darslarida ko‘plab bilimlarni egalladingiz, y’ani geografik xaritalar, joy planini olish, Yer qobiqlari, ularning o‘ziga xos xususiyatlari, Yer yuzi tabiati, iqlimi, yil fasllarining almashinishi, tabiat zonalari, yirik daryolar, okeanlar, relyef shakllari va Yer yuzi aholisi haqidagi ma’lumotlarni o‘rgandingiz. 6-sinfda «Materiklar va okeanlar tabiiy geografiyasi» fanidan har bir materikning kelib chiqishi va rivojlanish tarixi, relyefi, tabiati, iqli­mi to‘g‘risida ko‘plab qiziqarli ma’lumotlarni bilib oldingiz. 7-sinfda O‘rta Osiyo va O‘zbekiston tabiati haqidagi, 8-sinfda «O‘zbekiston iqtisodiy va ijtimoiy geografiyasi» kursida mamlakatimizning, 9-sinfda esa «Jahon iqtisodiy va ijtimoiy geografiyasi» kursida xorijiy mamlakatlarning iqtisodiy-ijtimoiy geografiyasi bilan tanishib chiqdingiz.
Ana shu egallangan bilimlarni amalda qanday qo‘llash, o‘rganilgan ma’lumotlar asosida har bir hududning o‘ziga xos muammolarini aniqlash, baholash va ular keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlarning oldini olish masalalarini «Amaliy geografiya» fanini o‘zlashtirish orqali bilib olasiz.
  Amaliy geografiya bo`limi ikki bo‘limdan iborat bo‘lib, birinchi bo‘limda «Amaliy geografiya» fani o‘rganishi lozim bo‘lgan dolzarb muammolar, ikkinchi bo‘limda esa geosiyosat asoslari yoritishga bag‘ishlangan qiziqarli mavzular o‘z ifodasini topgan.
Bu bo`limnini o‘rganish davomida amaliy geografiyaning maqsadi, vazifalari, tadqiqot usullariga doir ko‘plab bilimlarni egallaysiz, shuningdek, bugungi kun geosiyosiy muammolari haqidagi ma’lu­motlar bilan ham tanishasiz degan umiddamiz.
  Qadrli foydalanuvchi, «Amaliy geografiya» fanini o‘rganishda Sizga mustahkam iroda va ulkan muvaffaqiyat tilaymiz.
Amaliy geografiya fani haqida
 Bizga ma’lumki, geografiya fani Yer yuzasi tabiatini, aholisi va uning xo‘jalik faoliyatini o‘rganadi.
  Amaliy geografiya fani tabiiy va ijtimoiy muhitning o‘zgarishini baholash va bashorat qilish bilan shug‘ullanadi.
  Insoniyat paydo bo‘lgan davrdan boshlab jamiyat taraqqiy etgan sari inson va tabiat o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar murakkablashib bormoqda. Buning natijasida mahalliy, mintaqaviy hamda umumsayyoraviy ekologik muammolar va inqirozlar paydo bo‘lmoqda.
Ana shunday ekologik muammolar va inqirozlarni o‘rganish, baholash va ularning sodir bo‘lishini oldindan bashorat qilishda geografiya fanining o‘rni va ahamiyati nihoyatda muhimdir.
  Mazkur muammolarni o‘rganish va ularning yechimini topish davomida geografiya fanlari tizimida yangi yo‘nalish, ya’ni amaliy geografiya fani paydo bo‘ldi va u hozirgi paytda tez sur’atlar bilan rivojlanmoqda. Amaliy geografiyaning maqsadi tabiiy muhit va resurslarni baholash, tabiiy va ijtimoiy muhitning o‘zgarishini bashorat qilishdan iboratdir.
  Amaliy geografiyaning muhim vazifalari quyidagilardan iborat:
1) xo‘jalik maqsadlarida foydalinsh nuqtayi nazaridan tabiiy sharoit va resurslarni o‘rganish va baholash;
2) tabiiy geografik jarayonlarni o‘rganish, baholash va basho­rat qilish;
3) inson tomonidan tabiiy va ijtimoiy muhitning o‘zgartirilishi jarayonini baholash va bashorat qilish;
4) umumsayyoraviy, mintaqaviy va mahalliy ekologik muammolarning yuzaga kelish sabablarini ochib berish va ular yechimining geografik asoslarini ishlab chiqish;
5) ishlab chiqarishni hududiy tashkil qilish muammolari va aholi joylashuvi masalalarini yechish.
  Amaliy geografiya fani geografiyaning rivojlanib kelayotgan yangi tarmoqlaridan biri bo‘lsa ham, uning ildizi uzoq tarixiy davrlarga borib taqaladi. Yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk allomalar amaliy geografiyaning rivojlanishiga muhim hissa qo‘shganlar. Masalan, Ahmad al-Farg‘oniy Nil daryosining suv sarfini o‘rganish va bashorat qilish bo‘yicha amaliy geografik ishlarni olib borgan. Abu Rayhon Beruniy esa bir gradus yoyning uzunligini aniqlab, Yerning asosiy o‘lchamlarini hisoblashga juda ulkan hissa qo‘shgan.
Eslab qoling!
  Geografiya Yer yuzasining tabiati, aholisi va uning xo‘jalik faoliyatini o‘rganadi.
 Amaliy geografiya tabiiy va ijtimoiy muhitning o‘zgarishini baholash va bashorat qilish bilan shug‘ullanadi.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash