Agrogeografik tadqiqotlar va Yer kadastri 

11 470

  Geografiya serqirra fan bo‘lib, uni o‘rganish jarayonida juda ko‘plab sohalar, kasblar, mutaxassisliklar bilan tanishish imkoni bo‘ladi. Amaliy geografiya fani ko‘plab tadqiqot usullarini o‘z ichiga oladi. Ishlab chiqarish faoliyatining ko‘plab sohalarida amaliy geografiya ishtirok etadi. Amaliy geografiyaning asosiy tadqiqot yo‘nalishlari: agrogeografik, muhandis-geografik, tibbiy-geografik, rekreatsiya, kartografik, rayon planirovkasi, demografik va boshqa yo‘nalishlardan iborat. Quyida ularning ayrimlari haqida bilib olamiz.
  Agrogeografik («agro» — yunoncha so‘z bo‘lib, dala ma’nosini bildiradi) tadqiqotlar natijasida yer resurslari qishloq xo‘jalik maqsadlari nuqtayi nazaridan baholanadi. Agrogeografik tadqiqot­lar davomida olingan ma’lumotlar asosida har bir hudud uchun yerdan foydalanishning aniq chora-tadbirlari ishlab chiqiladi.

O`zbekiston yer resurslaridan foydalanish
Jami: 448,9 ming km.kv
O`rmon va bo`tazorlar - 3,2 %
Tabiiy yaylovlar va o`tloqlar - 50,1%
Sug`oriladigan yerlar - 9,7 %
Lalmikor yerlar - 1,7 %
Foydalanilmaydigan yerlar - 35,3 %

  Qishloq xo‘jalik yerlariga ekin ekiladigan yerlar, bo‘z yerlar, ko‘p yillik daraxtzorlar, pichanzor va yaylovlar kiradi. Qishloq xo‘jalik ekinlarini joylashtirishda relyef va uni tashkil qilgan yotqiziqlar muhim ahamiyatga ega. Joyning relyefi hududning tuproq, grunt suvlari va yer usti suvlari me’yorini, o‘simlik qoplami va iqlim xususiyatlarini belgilaydi. Madaniy ekinlar ham joy relyefiga mos ravishda tabaqalashtiriladi. Masalan, daryolarning (Sirdaryo, Amudaryo, Qoradaryo, Norin, Chirchiq, Ohangaron, Zarafshon va h.k.) yuqori terrasalari sug‘oriladigan yerlardan iborat bo‘lib, ularda paxta, g‘alla, yem-xashak ekinlari yetishtiriladi. Daryolar­ning quyi terrasalarida (I-II) sholi va boshqa suvni ko‘p talab qiladigan ekinlar yetishtiriladi. Adirlarda, o‘rtacha balandlikdagi tog‘larning yonbag‘irlarida lalmi ekinlar, cho‘llarda va tog‘ yonbag‘irlarida yaylov va pichanzorlar joylashgan. Shunga ko‘ra, O‘zbekistondagi yerlar terrasali, deltali, yoyilmali, adirli, tog‘ yonbag‘irli yerlarga ajratilishi mumkin.
  Ma’lum bir davlat, viloyat, tuman yoki hududda yer resurslari bo‘yicha muntazam ravishda o‘tkazilgan kuzatishlar natijasida yig‘ilgan ma’lumotlarning jamlanmasi kadastr deb ataladi. Kadastr yer, suv, qazilma boylik, yaylov, o‘rmon va boshqalar bo‘yicha ham tuzilishi mumkin.
  Davlat yer kadastri quyidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi: yerning kimga qarashli ekanligi; uning miqdor va sifat xususiyatlari; tuproq bonitirovkasi; yerning iqtisodiy baholanish natijalari.
  Yer kadastri mamlakat bo‘yicha yagona tizimga ega bo‘lib, unda yerning aniq maydoni va sifati, tabiiy, xo‘jalik va huquqiy holati to‘g‘risida to‘liq ma’lumot bo‘ladi. Yer kadastri asosini tuproq bonitirovkasi tashkil qiladi. Yer resurslarini sifat jihatdan qiyosiy baholash tuproq bonitirovkasi deb ataladi. Tuproq boni­tirovkasi tuproq hosildorligiga qarab belgilanadi va odatda 100 balli shkala asosida amalga oshiriladi.
O‘zbekistonda bonitirovka asosini paxta hosili tashkil qiladi. Paxtadan gektariga 40 sentner hosil beradigan yerlar 100 balli bonitetga teng deb olinadi.
  O‘zbekistonda eroziyaga uchramagan tipik va bo‘z tuproqlar yuqori bonitetga (80-100 ball), deltalardagi sho‘rlangan, sug‘oriladigan o‘tloq tuproqlar o‘rtacha bonitetga (40-60 ball), kuchli sho‘rlangan, toshloq, taqirli va gilli tuproqlar past bonitetga (10-39 ball) ega.
  Sho‘rlanish, shamol va suv eroziyasi tuproq unumdorligining pasayib ketishiga kuchli ta’sir etadi. Yer osti suvlari sathi ko‘tarilib ketgan joylarda tuproqlarning sho‘rlanishi kuzatiladi. Sho‘rlanishning oldini olish uchun quritish melioratsiyasi amalga oshiriladi («melioratsiya» so‘zi — lotin tilidan olingan bo‘lib, «yaxshilash» degan ma’noni bildiradi), buning uchun zovurlar qaziladi. Masa­lan, Mirzacho‘l, Qarshi cho‘llarida yerlarning zaxini qochirish uchun zovurlar 2,5-3,5 m chuqurlikda qaziladi. Bu esa ikki zovur oralig‘ida yer osti suvlarining chuqurligi 2-3 metr bo‘lishini ta’minlaydi. Yer osti suvlari sathi qanchalik chuqur bo‘lsa, bug‘lanish shuncha kam bo‘ladi va tuproqlar sho‘rlanmaydi.
  Yer osti suvlarining sathi yer yuzasiga juda yaqin joylashgan hududlarda tuproqlarning sho‘rlanishi juda kuchli bo‘ladi. Uning oldini olish uchun har yili qishda tuproqning sho‘ri yuvib turiladi (Xorazm, Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Sherobod, Mirzacho‘l, Qarshi vohalari).
Shamol kuchli esadigan hududlarda (Markaziy Farg‘ona, Mirzacho‘l, Dalvarzin, Qarshi, Sherobod cho‘llarida) tuproqning ustki qismi eroziyaga uchraydi, oqibatda tuproqning unumdor chirindili qatlami uchib ketadi.
  Shamol eroziyasining oldini olish uchun shamolning yo‘nalishiga ko‘ndalang tarzda ihota daraxtzorlari tashkil qilinadi. Ihota daraxtzorlari shamolning kuchini kamaytiradi va tuproqdagi namni uzoqroq ushlab turishga imkon beradi.
  Sug‘orish jarayonida nishab yerlar suv eroziyasiga uchraydi. Bunday eroziya sug‘orish (irrigatsiya) eroziyasi deb ataladi. Sug‘orish eroziyasining oldini olish uchun nishab yerlarni haydash va sug‘orishni ko‘ndalangiga amalga oshirish lozim. Bunda suv nishab joylarda tuproqni o‘yib ketmaydi va bir tekis oqadi.
Eslab qoling!
  Agrogeografik tadqiqotlar — yer resurslarini qishloq xo‘jalik maqsadlarida baholash.
 Ma’lum bir davlat, viloyat, tuman yoki hududda yer resurslari bo‘yicha muntazam ravishda o‘tkazilgan kuzatishlar natijasida yig‘ilgan ma’lumotlarning jamlanmasi kadastr deb ataladi.
  Tuproq bonitirovkasi — yer resurslarini sifat jihatdan qiyosiy baholash.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.