Tabiiy omillar ta`risida sodir bo`ladigan jarayonlar 

13 899

  Endogen omillar (kuchlar) ta’sirida vulkan otilishi va zilzilalar ro‘y beradi. Ular juda katta talofat, vayronagarchiliklar keltiradi, ayrim hollarda ko‘plab odamlarning fojiali halok bo‘lishiga olib keladi. Shuning uchun bunday hodisalar sodir bo‘ladigan hududlarni aniqlash, baholash va bashorat qilish muhim ilmiy va amaliy ahamiyatga ega.
 Zilzilalar. Sizga ma’lumki, Yer po‘sti juda ulkan palaxsalardan, ya’ni litosfera plitalaridan iborat. Bu litosfera plitalari doimo harakatda, ular bir-biri bilan o‘zaro to‘qnashib turadi. Ikkita litosfera plitasi to‘qnashgan joylarda tez-tez vulkan va zilzi­lalar sodir bo‘lib turadi. Bunday mintaqalar seysmik mintaqalar deb ataladi.
 Yer yuzasida ikkita asosiy seysmik mintaqa mavjud: 1) Tinch okean seysmik mintaqasi; 2) Yevropa-Osiyo seysmik mintaqasi. Mamlakatimiz O‘zbekiston Yevropa-Osiyo seysmik mintaqasida joylashgan. Shu sababli, mamlakatimizda ayrim yillari kuchli zilzlalar sodir bo‘lib turadi. Masalan, 1902-yilda Andijonda, 1932-yilda Tomdibuloqda, 1946-yilda Chotqolda, 1959-yilda Burchmullada, 1966-yilda Toshkentda, 1976-yilda Gazlida, 1980-yilda Nazarbekda va boshqa joylarda zilzilalar sodir bo‘ldi.

12 balli seymik shkalaning qisqacha tavsifi

Ballar Zilzila kuchi Qisqacha ta`rifi
1 Sezilmaydi Faqat seysmik asboblar bilan qayd etiladi.
2 Juda kuchsiz
Ko‘pchilik sezmaydi. Sokin vaziyatdagi odamlargina sezadi.
3 Kuchsiz
Bino ichidagi ayrim odamlargina sezadi.
4 Sezilarli
Bino ichidagi odamlarning ko‘pchiligi seza­di. Uydagi jihozlar harakatga keladi.
5 Kuchsizroq
Bino va mebel tebranadi. Uyqudagilar uyg‘onib ketadi.
6 Kuchli
Hamma sezadi. Ko‘pchilik tashqariga chiqishga oshiqadi, ba’zi buyumlar turgan yeridan tushib ketadi, ba’zi uylarda suvoqlar ko‘chib tushadi.
7 Juda kuchli
Imoratlar shikastlanadi, g‘ishtli devorlar yoriladi. Xom g‘isht va paxsadan qurilgan ba’zi uylar buziladi, tog‘larda ba’zan qoyalar ko‘chadi.
8
Vayron qiluvchi
Imoratlar kuchli shikastlanadi, tog‘larda surilmalar yuz beradi.
9 O‘ta vayron qiluvchi G‘isht, betondan ishlangan uylar butunlay yoki qisman buziladi, yer osti quvurlari uziladi. Qoyalar qulab, tepaliklar suriladi, yerdagi yoriqlarning eni 10 sm gacha boradi.
10 Yakson etuvchi Yer yuzida katta (eni 1 m gacha) yoriqlar paydo bo‘ladi. To‘g‘on va qirg‘oq dambalari ishdan chiqadi, temiryo‘llar bukiladi. Yangi ko‘llar paydo bo‘ladi.
11 Halokatli Yer yuzida keng va chuqur jarliklar hosil bo‘ladi, yer vertikal va gorizontal yo‘nalishda silkinadi. Tog‘larda qoyalar ag‘dariladi, ko‘prik, to`g‘on, temiryo‘llar butunlay buzi­ladi.
12 O‘ta halokatli
Yer qiyofasi, relyefi o‘zgaradi. Yer yuzi burmalanadi, baland qoyalar ag‘dariladi, daryolar o‘zanini o‘zgartiradi.
 

Vulkanlar. Tinch okean qirg‘oqlari va unga tutashgan orollarda keng tarqalgan. Mazkur mintaqada 800 dan ortiq harakatdagi vulkanlar mavjud bo‘lib, u «Tinch okean olovli halqasi» deb ata­ladi.
  Bundan tashqari, Yerning ichki kuchlari ta’sirida geyzerlar va issiq buloqlar otilishi, yer yuzasi bir qismining asta cho‘kishi va boshqa qismining esa yer ko‘tarilishi ham sodir bo‘lib turadi.
  Geyzerlar va issiq buloqlar asosan vulkanlar tarqalgan mintaqalarda uchraydi. Ulardan binolarni isitishda hamda elektr energiya olishda foydalaniladi. Bunday ishlar Islandiya, Yaponiya, Italiya, Rossiya va Yangi Zelandiya davlatlarida yo‘lga qo‘yilgan.
  Yer yuzasining asta-sekin cho‘kishi okean va dengiz qirg‘oqlarida joylashgan davlatlar uchun katta zarar yetkazadi. Masalan, Niderlandiya qirg‘oqlarining cho‘kishi munosabati bilan u yerlarda yirik to‘g‘onlar qurilgan, to‘g‘onning balandligi har yili
orttirib turiladi. Hozirgi paytda Niderlandiya hududi dengiz sathidan pastda hisoblanadi.
Tashqi (ekzogen) kuchlar ta’sirida nurash, sel, eroziya, surilmalar, karst, qor ko‘chkisi va boshqa jarayonlar sodir bo‘ladi.
  Nurash deb, haroratning o‘zgarishi, kimyoviy jarayonlar, atmosfera, suv va organizmlar ta’sirida tog‘ jinslarining yemirilishiga aytiladi. Nurash uch turga ajratiladi: fizik, kimyoviy va organik nurash.
  Fizik nurash asosan harorat va namlikning o‘zgarishi natijasida sodir bo‘ladi. Kunduzi havo haroratining ko‘tarilib ketishi natijasida tog‘ jinslarida darzlar hosil bo‘lib, ular bo‘laklarga bo‘linib ketadi. Ammo tog‘ jinslarining kimyoviy tarkibi o‘zgarmaydi. Fizik nurash cho‘llarda va qoyali tog‘larda keng tarqalgan.
 Kimyoviy nurash deb, havo, suv ta’sirida tog‘ jinslarining yemirilishi va kimyoviy o‘zgarishiga aytiladi. Kimyoviy nurash ta’sirida barqaror minerallar hosil bo‘ladi.
Organik nurash deb, tog‘ jinslarining ogranizmlar (o‘simlik, hayvonot dunyosi, mikroorganizmlar) ta’sirida yemirilishiga aytiladi.
   Sel tog‘li o‘lkalarda jala yog‘ishi natijasida hosil bo‘ladi. Sellar o‘zi bilan birga loyqa va toshlarni olib keladi. Uning tez­ligi soatiga 10-15 km ni tash­kil etishi mumkin, u yo‘lda uchragan hamma narsani yuvib ketadi va juda katta moddiy va ma’naviy zarar yetkazadi. Ma­salan, Peruda 1970-yilda sel kelishi natijasida 50 ming kishi halok bo‘lgan, 800 ming kishi boshpanasiz qolgan, bir qancha shahar vayronaga aylangan. Sel hodisasi O‘rta Osiyoda, Kavkazda, Qrimda, Yevropa va Amerikada ko‘proq sodir bo‘ladi.
  Eroziya (lotincha «erosio» - yeyilish, yuvilish) deb tog‘ jinslarining oqar suvlar ta’sirida yuvilishiga aytiladi. Eroziya yuzalama va chiziqli turlarga bo‘linadi. Yuzalama eroziya jarayoni tog‘ yonbag‘irlarida keng tarqalgan. Uning oqibatida tog‘ yonbag‘irlaridagi jinslar yuvilib, pastga tushadi. Yumshoq jinslardan tashkil topgan qiya joylar­da yuvilish natijasida jarlar vujudga keladi. Chiziqli eroziya daryo eroziyasi deb ham ataladi. Buning natijasida daryo o‘zanlari va qirg‘oqlari yuviladi.
  Daryo qirg‘oqlarining yuvilishi Xorazm va Qoraqalpog‘istonda «deygish» deb ataladi. Amudaryo 1925-yilda sobiq To‘rtko‘l shahriga yaqin joydan oqib o‘tar edi. 1938-yilga kelib Amudaryo shaharni yuvib keta boshladi, 1950-yilga kelib esa daryo To‘rtko‘l shahrini butunlay yuvib ketgan. Keyinchalik daryodan ancha uzoqda yangi, hozir­gi To‘rtko‘l shahri bunyod etildi. Okean va dengiz qirg‘oqlarining to‘lqinlar tomonidan yemirilishi abraziya (lotincha «abrasio» — qirish, qirtishlash) deb ataladi. Abraziya natijasida okean va dengiz qirg‘oqlarida tekisliklar hosil bo‘ladi.
  Surilma deb, tog‘ jinslarining og‘irlik kuchi ta’sirida pastga qarab surilishiga aytiladi. Surilmalar asosan tog‘li o‘lkalarda sodir bo‘ladi. Surilmalar ham sellar kabi xalq xo‘jaligiga juda katta moddiy zarar yetkazadi. Masalan, 1963-yil 9-oktabrda Italiyaning Polve daryosi vodiysida, Vayont to‘g‘oni atrofida hosil bo‘lgan surilma suv omboriga surilib tushgan. Uning hajmi 240 mln kub/metr bo‘lgan. Suv ombori 15-30 sekund ichida surilib tush­gan jinslar bilan to‘lib qolgan. Suv omboridan chiqqan suv 100 m balandlikda oqib, yo‘lidagi Ponjerono, Pirago, Vilganovo, Rivanota va Faye shaharlarini yuvib ketgan. 7 minut davom etgan falokat oqibatida 3 ming kishi halok bo‘lgan.
  Karst deb, eriydigan tog‘ jinslarini yer usti va yer osti suvlari ta’sirida eritib, oqizib ketilishiga va yer ostida turli xil bo‘shliqlarning (g‘orlarning) hosil bo‘lishiga aytiladi. Suvda tez eriydigan jinslarga ohaktoshlar, dolomitlar, bo‘r, mergel, gips va turli xil tuzlar kiradi. Bunday jinslar tarqalgan joylarda qurilish ishlari olib borish ancha murakkab jarayon hisoblanadi. 

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.