Landshaft va uning tuzilishi 

44 681

 «Landshaft» nemischa so‘z bo‘lib, «joy» degan ma’noni bildiradi. Hozirgi paytda landshaft tushunchasi geografiyada keng va tor ma’noda ishlatiladi.
  Keng ma’noda landshaft deganda tabiiy hududiy kompleks tushuniladi. Masalan, tayga zonasi, botqoq, tundra, so‘l va h.k.
  Tor ma’noda landshaft — yer yuzasidagi tabiiy chegaralari bilan ajralib turuvchi joydir. Landshaft hududiy yaxlitligi, vujudga kelishiga ko‘ra bir butunligi, geografik tuzilishi, relyefi, iqlimi, tuproqlari, o‘simlik va hayvonot dunyosining bir xilligi bilan ajra­lib turadigan tabiiy hududiy kompleksdir. Masalan, Qizilqumdagi qumli, gilli, taqirli, sho‘rxokli landshaftlar, tog‘lardagi yaylov, o‘rmon, vodiy landshaftlari shular jumlasidandir.
  Odatda landshaftlar tabiiy va antropogen landshaftlarga ajratiladi. Tabiiy landshaft — faqat tabiiy omillar ta’sirida shakllangan yoki shakllanayotgan landshaftdir. Unga inson faolliyati ta’sir etmagan bo‘ladi. Masalan, Chotqol biosfera qo‘riqxonasidagi archazorlar shular jumlasiga kiradi.
 Antropogen landshafti — tabiiy va antropogen omillar ta’sirida shakllangan va shakllanayotgan landshaftdir. Bunga inson faoliyati ta’sirida vujudga kelgan landshaftlar kiradi.
  Tabiatning barcha komponentlari va landshaftlar u yoki bu darajada inson ta’sirida bo‘ladi. Fan-texnika inqilobi sharoitida insonning tabiatga ta’siri tobora kuchaymoqda. Mazkur landshaft­lar insonning xo‘jalik faoliyati ta’sirida shakllanadi, ammo tabiiy xususiyatlarini saqlab qoladi va tabiat qonunlariga bo‘ysunadi.
 Antropogen landshaftlar quyidagi turlarga bo‘linadi: qishloq xo‘jalik yoki agrolandshaftlar (ekinzorlar, bog‘lar, yaylovlar); suv yoki gidrogen landshaftlar (kanallar, hovuzlar, suv omborlari); shahar yoki seliteb landshaftlar (shaharlar, qishloqlar); sanoat land­shaftlar (zavodlar, shaxtalar, chiqindilar uyumi, aerodromlar, yo‘llar va h.k.).
  Landshaftlar joy, maydon va fatsiyadan tuzilgan bo‘lib, uning eng kichik birligi fatsiyadan iboratdir.
  Fatsiya — bir xil tog‘ jinslariga, relyefga, tuproqqa, namlikka, mikroiqlimga, o‘simlik va hayvonot dunyosiga ega bo‘lgan eng kichik tabiiy hududiy kompleksdir. Masalan, qayir fatsiyasi, o‘zan fatsiyasi, toshli qayir, gilli qayir fatsiyalari.
  Maydon (urochisha) — fatsiyalar tizimidan iborat tabiiy hududiy kompleksdir. Demak, maydon hudud jihatdan katta bo‘lib, bir necha fatsiyalarni birlashtiradi. Masalan, botiqdagi sho‘r va sho‘rxoklar; oq saksovulli tekis qumlar; do‘ngli qumlar va h.k.
  Joy — maydonlar majmuasidan iborat bo‘lgan tabiiy hududiy kompleksdir. Masalan, yoyilmalarning yuqori, o‘rta va quyi qismlari, tog‘larning suvayirg‘ichi, yonbag‘irlari va h.k.
  Ma’lum bir hududdagi joylar yig‘indisi landshaftni tashkil qiladi. Masalan, cho‘l landshafti — qumli, gilli, toshli, taqirli joylardan iborat.
Demak, landshaft — joylar majmuasidan, joylar — maydonlar majmuasidan, maydonlar esa fatsiyasidan iborat. Yoki landshaft­lar — joylarga, joylar — maydonlarga, maydonlar — fatsiyalarga bo‘linar ekan. 
Eslab qoling!
  Landshaft — hududiy yaxlitligi, vujudga kelishiga ko‘ra bir butun, geografik tuzilishi, relyefi, tuproqlari, o‘simlik va hayvonot dunyosi bir xil bo‘lgan tabiiy hududiy kompleksdir.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.