Tabiat komplekslarining barqarorligi va uni xo`jalik ishlarida hisobga olish 

7 808

  Har bir tabiat kompleksi ma’lum bir barqarorlikka ega. Tabiiy va tabiiy-atropogen landshaftlarning barqarorligi deb, ularning tashqi ta’sirlarga nisbatan o‘z tuzilishini saqlab qolish imkoniyati tushuniladi. Tashqi bosim olib tashlanganidan so‘ng landshaftlar ma’lum vaqt o‘tgach o‘z holiga qaytishi mumkin. Masalan, lalmikor yerlarda dehqonchilik qilinmasa, ular yana ilgarigi tabiiy holi­ga qaytishi mumkin.
  Antropogen landshaftlarning barqarorligi deb, ma’lum bir sharoitda landshaftlarning o‘z ijtimoiy-iqtisodiy vazifalarini bajara olish qobiliyatiga aytiladi. Masalan, har qanday tabiiy ofatlar (qurg‘oqchilik, sel, suv toshqinlari, ifloslangan havo, sho‘rlanish, ifloslangan suv) va ta’sirlarga qaramasdan antropogen landshaftlar hosildorligining saqlanib qolishi va h.k.
  Landshaftlarning barqarorligi ular komponentlarining o‘zaro aloqasi, uyg‘unligi va harakatiga bog‘liq. Masalan, qumli cho‘llarda komponentlar o‘rtasidagi aloqa kuchsizroq, shuning uchun bu yerlarda landshaftning tuzilishi tashqi ta’sirlar natijasida tez o‘zgarishi mumkin. Qumli cho‘llarda chorva mollarining ko‘p boqilishi natijasida o‘simliklarning tarkibida o‘zgarishlar sodir bo‘lishi mumkin, bu esa landshaft tuzilishining o‘zgarishiga olib keladi.
  Tog‘ yonbag‘irlarida o‘simliklar qalin o‘sadigan joylarda tog‘ jinslari tuproq-o‘simlik o‘rtasida bog‘liqlik mustahkam bo‘ladi. Mazkur yonbag‘irda sel, eroziya, surilma kam sodir bo‘ladi. Chunki yonbag‘irlar tashqi ta’sirga nisbatan barqaror bo‘ladi. Mabodo, mazkur o‘simlik qoplami yo‘q qilinsa, barqarorlik keskin kamayib, turli salbiy hodisalar ro‘y bera boshlaydi.
  Shuning uchun tabiat komplekslari landshaftlarning barqarorligini xo‘jalik ishlarini olib borishda hisobga olish muhim ahamiyatga ega.
  Sug‘orma dehqonchilik hududlarida yerlarning hosildorligi landshaftlarning barqarorligi bilan chambarchas bog‘liq. Tog‘ etaklaridagi landshaftlar barqarorligi bilan ajralib turadi. Mazkur joy­larda yer osti suvlari ancha chuqurda joylashgan, shuning uchun bu yerlarda sho‘rlanish hodisalari kuzatilmaydi. Qiya joylarda esa noto‘g‘ri sug‘orish natijasida jarlar rivojlanishi mumkin.
 Tekislikda, ya’ni cho‘llarda joylashgan yaylovlarda landshaftlar barqarorligi past darajada bo‘ladi. Shuning uchun ushbu hududlarda landshaftlar barqararligi chorvani noto‘g‘ri boqish, mavjud o‘simlikni kesish va qirqish, payhon qilish va texnik eroziya tufayli keskin pasayib ketishi mumkin. Buning natijasida chorva mollari yemaydigan o‘simlik turlari o‘sib chiqadi va ko‘payadi. Masalan, qumli yaylovlarda isiriq, selen, quyonsuyak, juzg‘un, taqirli yaylovlarda yulg‘un, sho‘ra, oqbosh, qo‘shbarg va boshqalar tarqalishi mumkin.
  Yaylovlarning barqarorligini ta’minlash uchun chorva mollarini boqishni to‘g‘ri tashkil qilish, yaylovlarga «dam berish», o‘simliklarni qirqishni to‘xtatish, avtomobillarning harakatini ma’lum bir yo‘nalishda amalga oshirish lozim.
  Tuproq suv, havo o‘z-o‘zini tozalash qobiliyatiga ega. Tog‘lardagi tuproq va suvning o‘z-o‘zini tozalash xususiyati yuqori, ammo bu xususiyat tekisliklarda kam. Shamol va yog‘inlar ta’sirida havo doimo o‘z-o‘zidan tozalanib turadi.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.