Yuklanmoqda...

Yer resurslarini baholash 

1059

  Yer resurslari xo‘jalik jihatdan juda ko‘p maqsadlarda baholanadi. Ayniqsa, yer resurslarini dehqonchilik maqsadlarida baho­lash keng tarqalgan.
  Dehqonchilikni amalga oshirish asosan relyef, agroiqlimiy resurslar, tuproq sharoiti, yer osti suvlarining joylashishi va xossalarining qulayligi, suvning mavjudligi va boshqa omillar bilan belgilanadi.
 Dehqonchilik uchun yaroqli yerlarni o‘zlashtirish va ulardan foydalanishning murakkablik darajalari landshaftlarning xususiyatlariga qarab turlicha bo‘ladi. Yuqorida ko‘rsatilgan omillarning tahlili asosida O‘zbekiston tabiiy-hududiy komplekslari murakkab­lik darajasiga ko‘ra to‘rt guruhga bo‘linadi: oddiy, o‘rtacha murakkab, murakkab va juda murakkab tabiiy komplekslar.
  Oddiy tabiiy komplekslarga tog‘ oldi prolyuvial va daryo vodiylarining yuqori terrasalari kiradi. Yer osti suvlarining gorizontal harakati yuqori darajada ta’minlangan bo‘lib, bu suvlarining sathi ko‘tarilmaydi, chunki lyossimon jinslar ostida shag‘al toshlar yotadi. Mazkur joylar dehqonchilik uchun juda qulay.
  O‘rtacha murakkablikdagi tabiiy komplekslarga yoyilmalar va daryo deltalarining yuqori qismlari kiradi. Yer osti suvlarining gorizontal harakati ta’minlangan, ammo ayrim pastqam joylarda u yer yuzasiga yaqin ko‘tariladi va sho‘rlanishga sabab bo‘lishi mumkin. Shamol va suv eroziyasi yuz berishi mumkin. Shuning uchun ihota daraxtzorlarini vujudga keltirishni loyihalashtirish zarur.
  Murakkab tabiiy komplekslarga yoyilmalar va deltalarning o‘rta qismlari va allyuvial terrasalar kiradi. Yer osti suvlarining go­rizontal harakati yaxshi emas, sug‘orish davomida ularning sathi ko‘tariladi va tuproqda tuz to‘plana boshlaydi. Buning oldini olish uchun gorizontal va tik zovurlar qurilishni ko‘zda tutmoq lozim.
 Juda murakkab tabiiy komplekslarga deltalarning etak qismlari, prolyuvial tekisliklarning quyi yoki chekka joylari, adirlar, plato va balandliklar kiradi. Yer osti suvlarining gorizontal harakati ta’minlanmagan, ularning sathi sug‘orish paytida tezda ko‘tarilib ketadi. Buning oldini olish maqsadida zich zovurlar tarmog‘ini qurish, yerni sifatli qilib yuvish va tekislash, shamol eroziyasiga qarshi ihota daraxtzorlarini vujudga keltirish lozim. Suv shimilishining oldini olish uchun tomchilatib, yomg‘irlatib va tuproq ostidan sug‘orish usullarini qo‘llash zarur.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash