Geografik bashorat haqida tushuncha 

13 906

  Inson mehnat faoliyati bilan shug‘ullanar ekan, tabiiy sharoitning shu kundagi holati bilangina emas, balki kelajakda ro‘y beradigan turli o‘zgarishlar bilan ham qiziqadi. Binobarin, tabiiy sharoit o‘zgarishini inson manfaatlari nuqtayi nazaridan oldindan bashorat qilish va chuqur tahlil qilish katta ahamiyatga ega. Ushbu bo‘lim bayonida Siz geografik bashorat, uning usullari, turlari hamda O‘zbekiston tabiat komplekslarining o‘zgarishini bashoratlashga doir mavzular bilan tanishamiz.
  Geografik qobiqning kelajakdagi holatini oldindan ko‘ra bilish, fan-texnika inqilobi sharoitida insonning tabiiy muhitga ta’siri va uning oqibatlarini oldindan ilmiy asosda ayta olish va asoslab berish zamonaviy geografiya fani oldida turgan muhim muammolardan biri hisoblanadi.
  Fanda biror hodisa yoki biron-bir obyekt holatining o‘zgarishini oldindan ko‘ra bilish va ayta olish bashorat deb ataladi.
 Hozirgi paytda geografiyada bashoratlash va bashorat tushunchalari mavjud. Bashoratlash — o‘rganilayotgan borliq (obyekt) holatining o‘zgarishi haqida ma’lumotlar yig‘ish yoki olish jarayonidir. Bashorat esa bashoratlash bo‘yicha tadqiqotlarning natijasidir. Umuman bashorat deganda o‘rganilayotgan borliq yoki hodisaning kelajakdagi holat va ko‘rinishining tavsifi tushuniladi.
  Geografik bashoratlash tabiiy va ijtimoiy-iqtisodiy muhitning rivojlanishi va o‘zgarishi haqida ma’lumotlar olish va to‘plash jarayonidir.
  Geografik bashorat deb, tabiiy muhit va hududiy ishlab  chiqarish tizimlarining o‘zgarishidagi asosiy yo‘nalishlarni ilmiy jihatdan oldindan asoslab berishga aytiladi.
   So‘nggi vaqtda ilmiy-texnik jadallashtirish jarayoni tufayli bashoratlash bo‘yicha ilmiy izlanishlar juda tezlik bilan rivojlana boshladi. Ilmiy g‘oyalarni amaliyotda qo‘llash muddatlari keskin qisqarishi munosabati bilan tabiiy muhitga bo‘lgan bosim kuchayib ketdi. Natijada tabiiy muhitning aks ta’siri muddatlari ham keskin qisqara boshladi. Tabiiy muhitning inson ta’siriga aks ta’siri ko‘pincha salbiy ko‘rinishga ega bo‘la boshladi. Shuning uchun hozirgi paytda noxush hodisalarni oldindan ko‘ra bilish muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda. Insonning tabiatga ta’siri oqibatlarini oldindan ko‘ra bilmaslik va ularni oldindan ayta olmaslik sayyoraviy, mintaqaviy va mahalliy ekologik muammolarning kelib chiqishiga sabab bo‘ladi. Orol dengizi muammosi bunga misol bo‘lishi mumkin.
  Geografik bashoratlar bir necha variantlarda amalga oshiriladi. Masalan, Sibir daryolari oqimining bir qismini O‘rta Osiyo va Qozog‘istonga burish loyihasini amalga oshirish va uning ekologik oqibati bir necha variantda ishlab chiqilgan. Ulardan avvaliga 5-6, keyinchalik esa maqbul varianti tanlab olindi va mazkur variant asosida barcha hisob-kitob ishlari bajarildi.
  Geografik bashoratlar turli muddatlarga tuziladi. Shuning uchun bashoratlar muddatiga ko‘ra quyidagi turlarga bo‘linadi: operativ bashorat bir oy muddatga, qisqa muddatli bashorat 1 oydan 1 yilgacha, o‘rta muddatli bashorat 1 yildan 5 yilgacha, uzoq muddatli bashorat 5 yildan 15 yilgacha, juda uzoq muddatli basho­ratlar15 yildan ko‘proq muddatga ishlab chiqiladi.
 Tabiiy geografik bashoratni amalga oshirish uchun tabiat kom­plekslari komponentlarining bashoratli xossalarini aniqlab olish lozim bo‘ladi. Ma’lum bir joyning relyefi, tog‘ jinslari, tuproqlari, suvlari, o‘simligi va hayvonot dunyosi o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘ladi. Bu xususiyatlar haqdagi ma’lumotlar tabiiy geografik bashoratlarda ishlatiladi.
  Tabiiy komplekslar komponentlarining tabiiy muhit iflosla- nishini kamaytirish xususiyatlari quyidagilardan iborat:
  1. Relyef. Botiqlar texnogen mahsulotlarni (chiqindilarni) to‘plovchilar. Balandliklar esa ularni tarqatib yuboruvchidir. Yonbag‘irlar qiyaligi ularning parchalanish darajasi, zichligi, yer osti suvlarining harakatiga ijobiy yoki salbiy ta’sir qilishi mumkin.
 2. Tog` jinslari. Suv o`tkazidigan, suv o`tkazmaydigan jinslar, ularning qalinligi tabiiy muhitga ta`sir ko`rsatadi.   
 3. Suvlar. Ularda erigan organik moddalarning miqdori, yillik oqim miqdori, oqim tezligi muhim ahamiyatga ega. Oqim tezligi qancha yuqori bo‘lsa, ifloslovchi moddalar shuncha tez olib ketiladi. Suvdagi organik moddalar og‘ir metallarning eruvchanligini tezlashtiradi.
 4. Tuproqlar. Oksidlanish-qaytarilish, kislotali-ishqorli sharoiti. Ular tuproqni ifloslovchi moddalardan o‘z-o‘zini tozalash qobiliyatini belgilab beradi.
  5. O‘simliklar. Ifloslovchi moddalarni yutadigan o‘simliklar turlari.
Mazkur xususiyatlar asosida tabiiy muhitning o‘zgarishini oldindan aytib berish mumkin.
 
Eslab qoling!
  Geografik bashorat deb, tabiiy muhit va hududiy ishlab chiqarish tizimlarining o`zgarishidagi asosiy yo‘nalishlarni ilmiy jihatdan oldindan asoslab berishga aytiladi.
  Geografik bashoratlash deganda tabiiy va ijtimoiy-iqtisodiy muhitning rivojlanishi va o‘zgarishi haqida ma’lumotlar olish va to‘plash jarayoni tushuniladi.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.