Bashoratlar usullari 

1097

  Geografik bashoratlashda turli xil usullardan foydalaniladi. Qanday usullardan foydalanish bashoratning maqsadi va muddatiga bog‘liq bo‘ladi. Qisqa muddatli geografik bashoratlardalandshaft-indikatsiya usuli, uzoq muddatli geografik bashoratlarni amalga oshirishda geografik o‘xshatish va ekstrapolyatsiya usuli qo‘llaniladi. Bundan tashqari juda ko‘p hollarda tizimlararo tahlil usulidan keng foydalaniladi.
  Landshaft-indikatsiya usuli. Mazkur usulning mazmuni shun- dan iboratki, landshaftning bevosita ko‘rinib turadigan kompo­nentlari (o‘simlik, tuproq, relyef va boshqalar) xususiyatlarini o‘rganish orqali kuzatib bo‘lmaydigan komponentlarning holatini o‘rganish mumkin. Masalan, o‘simlik turini aniqlash va holatini o‘rganish orqali boshqa komponentlar haqida ma’lumotlarga ega bo‘lish mumkin. Agar cho‘lda yantoq o‘simligi keng tarqalgan bo‘lsa, yer osti suvlari 5-10 m chuqurlikda, agar qamish o‘sayotgan joy bo‘lsa, yer osti suvlari 1,5-2 m chuqurlikda ekanligi va tuproqlar o‘rtacha sho‘rlanganligi haqida xulosa chiqariladi.
  Shunday qilib, dala sharoitida landshaftlar o‘rganilayotganda o‘simlik, tuproq va relyefning xususiyatlariga e’tibor berilsa, boshqa komponentlar to‘g‘risida, ya’ni qaysi o‘simlik qoplami keyinchalik eng ko‘p tarqalishini ham bashorat qilish mumkin.
  Geografik o‘xshatish usuli. Bu usulda biror hududda bo‘lgan o‘zgarishlarni o‘rganish asosida xuddi shunday o‘zgarishlar boshqa shunga o‘xshash hududlarda ham sodir bo‘lishi mumkinligi bashorat qilinadi.
  O‘xshatish usulini qo‘llashning asosiy shartlaridan biri o‘xshatish o‘lchamlarining mos kelishidir. O‘xshatish o‘lchamlari quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
  1) relyef sharoitining o‘xshashligi. Bunda ikkala hudud ham bir xil relyef shaklida joylashgan bo‘lishi lozim (daryo vodiysi, tekislik, botiq, yonbag‘ir, balandlik);
  2) tog‘ jinslari va ular xossalarining o‘xshashligi. Ikkala hudud ham deyarli bir xil xossaga (suv o‘tkazadigan, suv o‘tkazmaydigan, yoriqsiz, yoriqli, gilli, qumli, qoyali), bir xil genezisga ega (cho‘kindi, metamorfik, magmatik) tog‘ jinslaridan iborat bo‘lishi lozim;
  3) tuproqlari va ularning qalinligi, xossalari bir xil bo‘lishi lozim (masalan, tog‘ bo‘z tuproqlar);
  4)  o‘simlik qoplamining o‘xshashligi;
  5)  hayvonot dunyosining o‘xshashligi;
 6) insonning tabiatga ta’sirining o‘xshashligi (suv ombori, kon, shahar, ekinzorlar, bog‘lar, to‘g‘onlar, yo‘llar, kanallar va h.k.).
 Ushbu usul ko‘proq aniq bir muhandislik inshootlarining tabi­atga ta’sirini bashoratlashda qo‘llaniladi. Masalan, tekislikda avval qazilgan foydali qazilma konining tabiiy muhitga ko‘rsatgan ta’siri­ni tahlil qilish bilan xuddi shunday sharoitdagi boshqa joyda qazib olinayotgan foydali qazilma konining tabiiy muhitga ta’sirini bashoratlashda o‘xshatish usulini qo‘llash mumkin.
  Ekstrapolyatsiya usuli. Mazkur usulning mohiyati o‘zgarish yo‘nalishini kelajakka nisbatan ekstrapolyatsiya qilishdan iborat. Ushbu usul tabiat komplekslarining holatidagi mavjud bo‘lgan o‘zgarishlar yo‘nalishini o‘rganish orqali, bu o‘zgarishlar kelajakda ham davom etadi, degan xulosa chiqarishga asoslangan. Masalan, Niagara sharsharasi ohaktoshlarni yemirib, Eri ko‘li tomon asta-sekin chekinmoqda. Bu jarayon davom etaversa, Niagara sharsha­rasi yo‘q bo‘lib ketishi mumkin. Bunday jarayonning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar tizimi ishlab chiqilishi lozim.
  Tizimlararo tahlil usuli.Mazkur usulning asosiy mohiyati shundan iboratki, bir tizim holatining tahlili asosida boshqa tizimning holati bashorat qilinadi.
  Masalan, har 11 yilda Quyoshdagi dog‘lar sonining ko‘payishi asosida Yerdagi qator noxush hodisalarning ro‘y berishi oldindan aytib beriladi.
  Eng xavfli qor ko‘chkilari, sellar, qurg‘oqchilik, toshqinlar va boshqa noxush hodisalar Quyosh faolligining 11 yillik davriyligi bilan bog‘langan.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash