Sayyoraviy, mintaqaviy va mahalliy geografik bashoratlar 

9 773

  Geografik bashoratlar jahon, mintaqa va mahalliy miqyoslarda olib boriladi.

  Sayyoraviy bashoratlar. Ular Yer rivojlanishining evolyutsion yo‘nalishlarini o‘rganishga asoslangan. Umumsayyoraviy geografik bashoratlarning asosiy maqsadi insoniyatning kelajakdagi hayotini va Yerni saqlab qolishga qaratilgan muammolarni oldindan bashorat qilishdir. Shuning uchun ham mutaxassis va olimlarning ko‘pchiligi hozirgi paytda butun dunyo miqyosida kelajakda kutilayotgan turli noxush hodisalarni bashorat qilish bilan shug‘ullanadi. Atmosfera havosining ifloslanishi, ozon qatlamining yupqalanishi, «issiqxona samarasi»ning vujudga kelishi, cho‘llashish jarayoni, gidrosferaning ifloslanishi va toza ichimlik suvi muammosi shular jumlasidandir. Insoniyatning kelajakdagi hayoti yuqoridagi muammolarning qanday bashorat qilinishiga bog‘liq. Umum­sayyoraviy bashoratlar ma’lum bir hududga bog‘lanmagan bo‘ladi.

  Mintaqaviy bashorat. Mintaqaviy bashorat deb hududiy jihatdan chegaralangan tabiiy komplekslarning kelajakdagi o‘zgarishini oldindan asoslab berishga aytiladi.

Jahonning xo‘jaligi yuksak darajada rivojlangan qismlarida jamiyat bilan tabiat o‘rtasidagi munosabatlar o‘ta keskinlashadi. Buning oqibatida turli xil ekologik muammolar yuzaga keladi, natijada ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlar murakkablashib ketishi mumkin.

  Mazkur mintaqalarga O‘rta dengiz, Boltiq, Shimoliy, Qora dengizlar, Meksika, Fors qo‘ltiqlari va boshqa joylar kiradi. Ushbu joylarda neft tashilishi, daryolar orqali turli xil zararli moddalarning oqib kelishi, turli sanoat chiqindilarining dengizlarga tashlanishi natijasida ular tobora ifloslanib bormoqda. Oqibatda, den­giz o‘simlik va hayvonot dunyosiga katta zarar yetkazilmoqda, dengiz qirg‘oqlarining rekreatsion imkoniyatlari cheklanmoqda va aholining yashash sharoiti yomonlashmoqda.

  Mahalliy geografik bashoratlar. Ma’lum bir muhandislik inshooti yoki inshootlar guruhining tabiiy muhitga ta’sirini oldin­dan asoslab berish mahalliy geografik bashorat deb ataladi. Tabiatga ta’sir etadigan muhandislik inshootlari sanoat korxonasi, suv ombori, shaxtalar, yo‘llar, aerodromlar, shaharlar va boshqalar bo‘lishi mumkin. 

  Mahalliy geografik bashoratlarni amalga oshirishda ko‘proq o‘xshatish va matematik hisoblash usullaridan foydalaniladi. Masalan, foydali qazilma koni ochiq usulda qazib olinadigan bo‘lsa, hududda botiq hosil bo‘ladi, tashlamalar vujudga keladi, yer osti suvlari sathi pasayadi, noxush jarayon (surilma, ko‘chki, o‘pirilma)lar rivojlanadi, suv, tuproq, o‘simlik va hayvonot dunyosi ma’lum joylarda butunlay yo‘qoladi, ma’lum bir joylarda esa katta o‘zgarishlarga uchraydi.

Eslab qoling!
  Umumsayyoraviy bashoratlarning maqsadi insoniyatning kelajakdagi hayoti va Yer sayyorasini saqlab qolish yo`lidagi muammolarni oldindan bashorat qilishdir.
  Mintaqaviy bashorat deb hududiy jihatdan chegaralangan tabi­iy komplekslarning kelajakdagi o‘zgarishini oldindan asoslab berishga aytiladi.
  Ma’lum bir muhandislik inshooti yoki inshootlar guruhining tabiiy muhitga ta’sirini oldindan asoslab berish mahalliy geografik bashorat deb ataladi. 

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.