O`zbekistonda atrof-muhit monitoringini amalga oshirish 

9 033

  O‘zbekistonda qishloq va suv xo‘jaligi, tog‘-kon, kimyo, metallurgiya va boshqa sanoat tarmoqlarining so‘nggi 30-40 yil davomida tez sur’atlar bilan rivojlanishi natijasida atrof-muhitda kuch­li o‘zgarishlar ro‘y berdi, mintaqaviy va mahalliy ekologik muammolar kelib chiqdi. Natijada atrof-muhit holatini muntazam kuza­tish, nazorat qilish va boshqarishning yagona davlat tizimini ishlab chiqish va amalga oshirish zarurati tug‘ildi.
Atrof-muhit monitoringi mamlakatimizdagi bir qancha muassasa va tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi.
  Atmosfera havosi va suv havzalarining ifloslanishi O‘zbekiston Gidrometeorologiya Bosh boshqarmasi tomonidan, yerosti suvla­rining ifloslanishi, noxush tabiiy geografik jarayonlarning rivojla­nishi O‘zbekiston Geologiya vazirligiga qarashli «O‘zbekgidrogeologiya» korxonasi tomonidan, tuproqlarning sho‘rlanishi va grunt suvlari me’yori, kollektor suvlari minerallashuv darajasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan, o‘rmonlar holati O‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasi tomonidan, atrof-muhitning inson salo­matligiga ta’siri bilan bog‘liq bo‘lgan masalalar Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan kuzatib, nazorat qilib turiladi. Bu tashkilot va muassasalarning monitoring sohasidagi faoliyati Tabiatni muhofaza qilish Davlat qo‘mitasi tomonidan boshqariladi. Bu qo‘mita atrof-muhit bo‘yicha turli axborot va ma’lumotlarni yig‘ib, yuzaga kelgan ekologik vaziyatni baholaydi. Noxush ahvol vujudga kelgan bo‘lsa, tegishli tashkilotlarga xabar berish bilan birga uning oldini olish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni belgilaydi va ularning bajarilishini nazorat qiladi.
  Atrof-muhit monitoringini kuzatish va nazorat qilish turli usullarda olib boriladi: aerokosmik, avtomatik laboratoriyalar, ko‘chma laboratoriyalar va h.k.
  Aerokosmik usul bilan atmosfera havo massalarining yo‘nalishi, havoning ifloslanishi, tog‘lardagi muzliklar, qorliklar rejimi, tuproq va o‘simlik qoplamlarining holati, ekinlarning o‘sishi, ularning holati hamda hosildorligi kuzatib turiladi. O‘zbekistonning ma’lum bir hududi aerokosmik usulda kuzatilayotganda olingan ma’lumotlar avtomatik ravishda tegishli tashkilotlarga uzatib  turiladi.
  Atmosfera havosi monitoringi O‘zbekiston hududida asosiy gidrometeorologik stansiya va postlar (avtomatik ravishda ishlaydigan maxsus uychalar — Post-2)da amalga oshiriladi.
  Atmosfera va suv tarkibidagi zararli, ifloslantiruvchi moddalar miqdori maxsus laboratoriyalarda kimyoviy usullar yordamida aniqlanadi.
  Sanoat rivojlangan hududlarda maxsus kuzatish asosan statsionar (doimiy), marshrutli va harakatdagi postlarda olib boriladi. Mazkur postlarda gazlarning miqdori avtomatik usulda aniqlanadi.
  Suv havzalarining ifloslanishi ham muntazam ravishda kuzatib va nazorat qilib turiladi. Daryolar, kanal va kollektor suvlarining ifloslanish darajasi bir yo‘la bir necha joylarida yuqoriqismida, sanoat markazlari va shaharlarga kirish joylarda, ichkarisida va chiqish joyida) aniqlanadi.
  Yil davomida mamlakatimiz bo‘yicha olib borilgan kuzatish va nazorat ma’lumotlari yig‘ilib, o‘rtacha oylik ko‘rsatkichlar aniqlanadi. Tuproq, suv va o‘simliklardagi turli zararli chiqindilar, asosan, sanoat korxonalari atrofida, pestitsidlar ekinzorlar va ular hududidagi suv havzalarida kuzatiladi va nazorat qilib turiladi.
  Sug‘oriladigan hududlarda tuproqning sho‘rlanishi bo‘yicha kuzatish va nazorat amalga oshiriladi. Kuzatish va nazorat ma’lu­motlari yilda ikki marta — 1-aprel va 1-oktabrda yig‘iladi.
  Yaylovlar asosan aerokosmik usulda kuzatiladi va nazorat qilib turiladi.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.