Ekspertiza uchun zarur bo`lgan ma`lumotlar 

5 534

  Ekspertiza ma’lum bir ma’lumotlar jamlangan loyihaming tahlili natijasida amalga oshiriladi.
  Ma’lum bir obyekt yoki muhandislik inshootining loyihasini o‘tkazish uchun ekspertga yoki ekspertlar guruhiga quyidagi ma’lumotlar taqdim etilishi lozim.
  1. Obyekt yoki muhandislik inshooti joylashgan hudud to‘g‘risidagi tabiiy geografik ma’lumotlar. U quyidagilarni o‘z ichiga oladi: obyekt yoki muhandislik inshooti hududining geografik joylashishi; hududning geologik tuzilishi, ya’ni mazkur joyda tarqal­gan tog‘ jinslari; hudud yer yuzasining tuzilishi, asosiy relyef shakllarining joylashishi; yerosti suvlari, ularning sathi va sho‘rligi; yer usti suvlari (daryo, ko‘l, botqoq), ularning suv sarfi, me’yori, minerallashish darajasi, hududning iqlimi, hududda tarqalgan asosiy tuproq turlari, ularning sho‘rlanish darajasi; o‘simlik qoplami va ularning turlari, hayvonot dunyosi, asosiy landshaft turlari.
  2. Obyekt yoki muhandislik inshooti joylashgan hudud to‘g‘risida iqtisodiy geografik ma’lumotlar. Bu turdagi ma’lumot­lar quyidagilarni o‘z ichiga oladi: hududning iqtisodiy geografik joylashishi, ya’ni yirik transport yo‘llariga yaqin yoki uzoqligi; hudud aholisining soni, joylashishi; hududning tabiiy resurslari va ulardan foydalanish darajasi; hududda joylashgan sanoat korxonalari; hudud qishloq xo‘jaligi, asosiy dehqonchilik ekinlari, yaylovlar, hudud transporti, hududning yoqilg‘i va elektroenergiya hamda suv ta’minoti.
  3. Hudud to‘g‘risidagi ekologik ma’lumotlar. U quyidagilarni o‘z ichiga oladi: hudud tabiiy muhitining ifloslanishiga ta’sir etadigan manbalar; tabiiy manbalar (shamol, surilma, zilzila, sel, suv toshqinlari va h.k.), sun’iy omillar (zavod, fabrika, kommunal xo‘jalik korxonalari, qishloq xo‘jaligida qo‘llaniladigan o‘g‘it, pestitsidlar va h.k.); atmosferaga chiqariladigan chiqindilar; suvning ifloslanish darajasi; tuproq, o‘simlik va hayvonot dunyosining o‘zgarishi; aholi salomatligi, keng tarqalgan kasalliklar va ularning sabablari.
  4. Obyekt yoki inshoot to‘g‘risidagi ma’lumotlar. Bu ma’lu­motlar quyidagilarni o‘z ichiga oladi: obyekt yoki inshootning maydoni, balandligi, chuqurligi, qismlari, qurilish muddatlari, faoliyati, mahsuloti, xomashyosi. Masalan, obyekt foydali qazilma koni bo‘ladigan bo‘lsa, quyidagi ma’lumotlar taqdim etiladi: foy­dali qazilma turi, zaxirasi, maydoni, chuqurligi, qazib olish usuli (ochiq yoki yopiq); chiqindilar hajmi va ular egallaydigan maydon, yordamchi inshootlarning joylashishi, shaxtaning yillik quvvati (mln t); shaxtaning ishlash muddati (50, 100 yil va h.k.). Ushbu ma’lumotlar asosida ekspertlar tomonidan mazkur obyekt yoki inshootning qurilishi maqsadga muvofiq yoki muvofiq emasligi aniqlanadi.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.