Yuklanmoqda...

Sanoat korxonasini joylashtirish va boshqarishni geografik tadqiq etish 

1256

  Sanoat korxonalarini muayyan bir hududda joylashtirish juda murakkab masalalardan biridir. Bu borada ko‘plab tabiiy, ijtimoiy va iqtisodiy omillarni hisobga olish lozim. Avvalo, sanoat korxonasi qanday xomashyo asosida ishlab, qanday tayyor mahsulot chiqarishi aniqlanadi. Atmosfera havosi va suv havzalariga qanday chiqindilarni chiqarishi, bu chiqindilarning kimyoviy tarkibi, zarar yetkazish darajasi e’tiborga olinadi. Korxonaga tegishli bu masalalar jiddiy tahlil qilinganidan so‘ng uni joylashtirish uchun hudud tanlanadi. Tanlangan hudud korxonani joylashtirish va uning muntazam faoliyat ko‘rsatishi uchun har jihatdan qulay bo‘lishi lozim.
  Dastlab korxona joylashtiriladigan hududning relyefi, uni tash­kil qilgan yotqiziqlar tarkibi, yerosti suvlari me’yori, iqlimi (ayniqsa, shamol yo‘nalishi), yer usti suvlari xususiyatlari, tuproq va o‘simlik qomlamalari, aholi yashash joylari o‘rganiladi. Korxona zararli chiqindilarni ko‘plab chiqaradigan bo‘lsa (ko‘mir asosida ishlaydigan GRES, qora va rangli metallurgiya korxonalari), ularni aholi yashaydigan manzilgohlardan uzoqda, shamol yo‘nalishiga teskari bo‘lgan hududlarda joylashtirish lozim. Buxoro viloyatidagi Qorovulbozor neftni qayta ishlaydigan, Qashqadaryo viloyatidagi tabiiy gazni qayta ishlaydigan Muborak va Sho‘rtan kimyo sanoati majmualari aholi manzilgohlaridan ancha uzoqda, cho‘lda joylashganligi sababli ulardan tabiat va inson ko‘radigan zarar juda oz miq­dorda.
  Aholi zich yashaydigan vohalarda sanoat korxonalarini joy­lashtirish juda murakkabdir. Oltiariq va Farg‘ona neftni qayta ishlash korxonalari qurilishida hududning ba’zi xususiyatlari e’tiborga olinmaganligi tufayli keyingi vaqtlarda jiddiy ekologik muammolar yuzaga kelmoqda. Chunonchi, Oltiariqdagi korxonadan neft mahsulotlarining singib o‘tishi tufayli yerosti suvlari ifloslanmoqda, tuproq tarkibi buzilmoqda. Quvasoydagi sement ishlab chiqaradi­gan korxona atrof-muhitni ko‘pdan beri chang bilan ifloslab kel­moqda, chunki u baland tog‘ yonbag‘irlari bilan o‘ralgan botiqda joylashgan.
  Paxta tozalash korxonalari ham asosan vohalarda joylashgan. Ulardan atrof-muhit ancha zarar ko‘radi, ko‘p miqdorda chang ajralib chiqishi sababli havo ifloslanadi. Binobarin, sanoat korxo­nalarini joylashtirishda, albatta, mahalliy tabiiy sharoit va aholi manzilgohlarining joylashuv xususiyatlari hisobga olinib, qurilish geografik tadqiqotlar orqali amalga oshirilishi kerak.
  Geografiya bu boradagi tadqiqot ishlarini olib borishda dala izlanishlari natijalariga, statistik ma’lumotlarga tayanadilar. Bunda ular kartografik, qiyosiy, statistik, matematik va boshqa tadqiqot usullaridan foydalanadilar. Bu usullar nafaqat yirik hududiy birliklarni o‘rganishda, balki kichik bir ishlab chiqarish korxonasini iqtisodiy-geografik baholashda ham qo‘l keladi.
  Bunda eng muhimi korxona qurish uchun aynan shu hudud tanlanganlining sababini aniqlash va uning iqtisodiy-geografik o‘rnini baholash, iqtisodiy rayon majmuasi, xo‘jalik tarmog‘i nuqtayi nazaridan iqtisodiy samaradorligini aniqlashdan iboratdir.
  Bundan tashqari korxonani iqtisodiy-geografik tahlil qilishda quyidagi ko‘rsatkichlar e’tiborga olinadi:
— korxonaning hududiy tarkibi, ya’ni uning alohida bo‘limlari (sexlari)ning, zavod transport tugunining joylashishi;
— korxonaning iqtisodiy aloqalari (mahsulot va qiymat birligida), qancha mahsulot ishlab chiqariladi, qanday xomashyo va yoqilg‘i qancha miqdorda qabul qilinadi;
— asosiy mahsulot turlarining tannarxi (bunda xizmatchilarga to‘lanadigan ish haqi, o‘zlashtirish va tabiiy muhitni muhofaza qilishga to‘lanadigan mablag‘, shuningdek, transport xarajatlari alo­hida ko‘rsatiladi) va korxonaning foydasi (yoki zarari) aniqlanadi;
— xizmatchilarning soni, ularning doimiyligi, almashinuvi va qayerdan ishga qatnashi;
— korxonaning atrof-muhitga ta’siri.
  Korxonani tadqiq etishda korxona ishchilari bilan suhbatlashish, korxonaning tarixi bilan tanishish muhim ahamiyat kasb etadi.

Eslab qoling!
 Dastlab korxona joylashtiriladigan hududning umumiy tabiiy-geografik sharoiti aniqlanadi va baholanadi. Korxonaning iqtisodiy-geografik tahlilida iqtisodiy ko‘rsatkichlardan hamda xaritalardan foydalaniladi.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash