Texnik loyihalarni asoslashda geografik tadqiqotlar natijalaridan foydalanish 

6 665

  Texnik loyiha ma’lum muhandislik ma’lumotiga ega bo‘lgan mutaxassislar tomonidan ishlab chiqiladi. Lekin hozirgi zamon loyihalari tabiat bilan jamiyat munosabatlarining ko‘p jabhalarini o‘z ichiga olganligi sababli yetarli darajada murakkab hisoblanadi. Shu sababli, bu borada faqat loyihaning muhandislik jihatlari bilan chegaralanib qolmasdan, loyihaning xususiyati va tabiatga bo‘ladigan funksional ta’sirini ham e’tiborga olish kerak bo‘ladi. Bu bora­da geografik izlanishlar va loyihaning uzoq muddat xizmat qilishi uchun uni geografik jihatdan asoslash lozim bo‘ladi.
  Irrigatsiya va melioratsiya tadbirlarini asoslash. Yirik yer maydonlarini sug‘oriladigan dehqonchilik maqsadlarida o‘zlashtirish gidromeliorativ tadbirlar jumlasiga kiradi.
  Sug‘orishni tashkil qilish uchun ajratilgan hudud geografik nuqtayi nazardan chuqur o‘rganilishi keyinchalik turli noxush hodisalar kelib chiqishining oldini oladi. Avvalo, hudud qanday landshaftlarni egallaganligi aniqlanadi. Chunonchi, daryo terrasasi, soyning konus yoyilmasi, prolyuvial tekislik, daryo deltasi va boshqalar. Shundan so‘ng atrofdagi tabiiy geografik hududlarning xususiyatlari, sug‘oriladigan dehqonchilikda foydalanishi yoki ta­biiy yaylov (lalmi dehqonchilik)da ishlatilishi aniqlanadi. Tog‘ yonbag‘rida joylashgan bo‘lsa, sel, surilma, jar eroziyasi kabi halokatli hodisalar ta’siriga berilishi hisobga olinadi. Shuningdek, yangi yerlar o‘zlashtirilishi tufayli quyida joylashgan, ilgaridan foydalanib kelinayotgan yerlarga yetkaziladigan zarar tahlil qilinadi.
  Irrigatsiya va melioratsiya tarmoqlarini loyihalashda ularni relyefning qanday joylaridan o‘tishini aniqlash ham amaliy ahamiyatga ega. Bu holda gruntning litologik tuzilishini o‘rganish zarur bo‘ladi. Shag‘al tosh mavjud bo‘lgan joylarda sug‘orish tar­moqlarini loyihalash suvning katta qismi zamirida shimilib ketishiga sabab bo‘ladi va boshqa bir joyda yer betiga yaqinlashib, botqoqlanish yoki sho‘rlanishga olib keladi.
  Suv omborlari loyihalarini asoslash. Suv omborlari o‘ziga xos murakkab inshoot. Ularni faqat relyef jihatdan qulay bo‘lgan joylardagina qurish samaralidir.
  Suv omborlarining tog‘ vodiylari va etaklarida qurilishi har jihatdan foydalidir, chunki suv ortiqcha bug‘lanishga sarflanmaydi, suvning sizib o‘tishi ancha kam bo‘ladi. Eng muhimi, suv kanallarga o‘zi oqar holda taqsimlanadi. Bu mintaqada suv har doim toza, sho‘rlanmagan bo‘ladi.
  Tog‘ daryosi va soylarda suv omborlarini qurish ancha yengilroq kechadi, chunki vodiyda o‘zan baland to‘g‘on bilan to‘silganidan so‘ng uning orqasida katta hajmda suv to‘planadi. Chorbog‘, Ohangaron, Janubiy Surxon va boshqa suv omborlari shu usulda qurilgan. Bu usuldagi qurilish katta mablag‘ talab qilmaydi. Avvalo, suv ombori qurilishi mumkin bo‘lgan eng qulay joylarni tanlash, to‘g‘on ko‘tariladigan joyning muhandis-geografik xusu­siyatlari barcha talablarga javob berishini ta’minlash lozim. Quri­lish amalga oshiriladigan joyda istiqomat qiladigan aholi soni ko‘p bo‘lmasligiga, sug‘orishga yaroqli yerlar suv ostida qolmasligiga, tabiatning so‘lim go‘shalari buzilmasligiga ahamiyat beriladi.
  Tog‘ vodiylarida yirik (hajmi 1,5-2 kub km) suv omborlari qurilganidan ko‘ra kichikroq (0,3-0,4 kub km va undan kam) hajmdagilari loyihalangani ma’qulroq. Chunki kuchli yer silkinishi bo‘ladigan tog‘li o‘lkalarda juda katta suv havzalarini qurish ancha xavfli.
  Sanoat korxonalarini joylashtirish. Geografik nuqtayi nazardan sanoat korxonalari xomashyo bazasiga yaqin va ishchi kuchlari ko‘p bo‘lgan hududlarda bunyod etiladi. Lekin shu bilan birga sanoat korxonasini qurish uchun zarur bo‘lgan sharoitlar ham ma’lum darajada hisobga olinadi. Hududning meteorologik va relyef sharoitlari, gruntning litologik tarkibi doimo e’tiborda bo‘ladi.
  Kimyoviy mahsulot ishlab chiqaradigan korxonalar tog‘ vodiy­larida, yirik daryo yoqalarida, konus yoyilmasida joylashtirilmagani ma’qul. Tog‘ vodiysida mahalliy shamol doimo tog‘dan vodiy bo‘ylab esadi, binobarin, korxona atmosferaga chiqargan chiqindi- larni vodiyning quyi qismiga haydab keladi. Chirchiq-Ohangaron, Surxondaryo vodiylarida shunday ahvolni kuzatish mumkin.
  Daryo bo‘ylarida joylashgan korxonalar o‘z chiqindilarini unga oqizib keladi, natijada suv turli chiqindilar bilan ifloslanadi. Zarafshon, Chirchiq, Ohangaron, Surxondaryo suvlarining iflosligi korxonalar tashlayotgan oqava suv va chiqindilar bilan izohlanadi. Konus yoyilmasida qurilgan korxonalar grunt suvlarini ifloslaydi.
 Shu jihatdan qaraganda sanoat korxonalarini loyihalashda albatta atrof-muhit ifloslanishining oldini olishga ahamiyat berilishi lozim. 
  Shaharsozlik loyihalarini asoslash. Aholi yashash joylari: sha­har, shaharcha, qishloq bunyod etilishida tabiatning go‘zal, xushmanzara va falokatli tabiiy hodisalardan uzoqda bo‘lgan hududlar tanlanadi. Chunki ular vaqt o‘ishi bilan aholi sonining ortishi nati­jasida kengayib boradi.
  Hozirgi vaqtda turli joylarda foydali qazilmalarning topilishi va ularni qazib olish, qayta ishlash korxonalari, yirik GRES, gidrotexnik inshootlar qurilishi, gaz va suvni quvurlarda tashishga xiz­mat qiluvchi kompressorlarning ishga tushirilishi munosabati bilan shu joylarda shaharchalar bunyod etilmoqda.
  Vohalarda, xususan, sug‘oriladigan hududlarda shahar va qishloqlar relyefning balandroq joylarida, yirik kanal yoki daryo bo‘ylaridan kamida 3-4 km uzoqlikda qurilgani ma’qul. Chunki suv aholi yashash joylariga yer ostidan ta’sir ko‘rsatadi. Balandroq bo‘lgan joylarda grunt sathi ancha pastda bo‘ladi.
 ESLAB QOLING!
  Geografik tadqiqotlar natijalari irrigatsiya va melioratsiya tadbirlarini, suv omborlari loyihalarini, sanoat korxonalarini joylashtirishda, shaharsozlik loyihalarini asoslashda ishlatiladi.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.