Kompleks mintaqaviy loyihalarni amalga oshirishda geografiyaning o`rni 

7 433

  Tabiat muhofazasi bilan bog‘liq bo‘lgan ko‘pgina mintaqaviy muammolar o‘zining dolzarbligi va tobora jiddiylashuvi, tang ekologik vaziyatlarning tarkib topishiga olib kelishi bilan ajralib turadi. O‘zbekistonning barcha yirik hududlarida o‘ziga xos tabiat muhofazasiga oid muammolar mavjud. Farg‘ona vodiysi, Chirchiq-Ohangaron vodiysi, Qizilqum, Orolbo‘yi, Ustyurt, Zarafshon vodiysi va boshqa hududlarida turli hududiy muammolar yuzaga kelganki, ularni ma’lum dastur asosida tizimli yondashuv asosida hal qilish lozim bo‘ladi.
  Quruq iqlim mintaqasida cho‘llashishga qarshi kurash loyihasini amalga oshirish. Cho‘llashish arid mintaqada ekotizimlar mahsuldorligining kamayib ketishi bilan bog‘liq. Cho‘llarda muttasil qorako‘l qo‘ylarining boqilishi tufayli yaylovlarning mahsuldorligi pasayib boradi. Buning ustiga avtomobillarning betartib harakati, turli inshootlarning qurilishi, ma’danlarni qazib olish uchun burg‘ulash, karerlarning vujudga kelishi, yo‘llar bunyod qilinishi  natijasida, turli texnik vositalar harakat qilishi tufayli o‘simlik va tuproq eziladi, shamol harakati natijasida qum uyumlari va botiqlari tarkib topadi. Ushbu jarayonlar tufayli yaylovlarning mahsul­dorligi kamayib ketadi, ba’zan yalang qumlik tarkib topishi esa yaylovlarning nihoyatda kambag‘allashib ketganidan darak beradi. Bu hodisa cho‘l yaylovlarining cho‘llashishi deb ataladi.
  Cho‘llashish sug‘oriladigan yerlarga ham xos bo‘lgan hodisa. Vohalar tuproq-meliorativ sharoitlarining og‘irlashuvi, eroziya va shamolning faollashuvi sababli tuproqning chirindi yuqori qatlamlarining yuvilishi yer hosildorligini birmuncha pasaytiradi.
  Daryo suvlarining oqimi suv omborlari va gidrouzellar qurilishi natijasida jilovlanishi bilan ularning bahorda toshib, yozda to‘lib oqishiga chek qo‘yiladi. Boz ustiga, daryo suvlarining minerallashuv darajasi ortib, ifloslanishi yuz bermoqda. Bu hol daryo qirg‘oqlaridagi to‘qayzorlarni cho‘llashishga mahkum qilmoqda. Suv sathining keskin darajada tushib ketishi bilan grunt suvlarining yuzasi ham pasaydi. Daraxtli va butali to‘qaylarning namga bo‘lgan talabi ba’zi joylarda butunlay qondirilmayapti. Bu hol ularning qurishiga olib keldi. Daryo sohilidagi Qizilqum, Bodayto‘qay va Zarafshon qo‘riqxonalarining to‘qay o‘simliklari ham shu ahvolda. Binobarin, ular cho‘llashishga berilgan. Sun’iy usulda to‘qayzorlarni suv bilan ta’minlash har doim ham yuqori samara bermaydi.
  Cho‘llashishga qarshi kurash ma’lum loyihalar asosida amalga oshiriladi. Bu borada qumliklar, platolardagi yaylovlar, vohalar, daryo deltalari, tog‘ etaklari yaylovlari uchun alohida tuzilgan lo­yihalar asosida kurash usullari ishlab chiqiladi, ma’lum davrlarda amalga oshiriladigan ishlar dasturi asoslanadi.
  Bu jarayonga qarshi kurash asosida eng avvalo o‘rta masshtabda (1:300000-1:500000) cho‘llashish xaritasi tuzilishi lozim. Xarita landshaft asosida yaratilishi zarur, chunki bunda tabiiy sharoit butun hududda differensial ko‘rinishda ko‘rsatiladi. Har bir landshaft konturi cho‘llashishning turi, darajasi va sababini aks ettiradi. Bu holda qaysi konturda qanday kurash choralarini qo‘llash mumkinligi ravshanlashadi.
 Falokatli tabiiy hodisalarning oldini olish loyihalari. Halokat keltiruvchi tabiiy hodisalarni o‘rganish geograflarning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi. Surilma, tog‘ qulashi, sel, jar eroziyasi, qor ko‘chkisi kabi tog‘ yonbag‘irlari va etaklarida sodir bo‘ladigan hodsalarni ayni rivojlanish o‘choqlari va mintaqalari (arellari)ni xaritaga tushirish birinchi navbatda bajariladigan vazifadir. Bu sohada geograf-mutaxassislarda yetarli darajada tarjiba mavjud. Har bir soy va daryo vodiysi u yoki bu tabiiy hodisaning rivojlanishi nuqtayi nazaridan o‘rganib chiqilgan. Yirik shahar, sanoat kor­xonalari, qishloqlar atrofi doimiy kuzatuvda. Shuning uchun ham ularning ta’sir doirasida ofatlar kamroq bo‘lishiga erishilmoqda.
  Ammo ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan vaqt-vaqti bilan tabiiy hodisalar sodir bo‘lib turibdi, odamlar orasida qurbonlar bo‘lmoqda, xalq xo‘jaligi obyektlariga katta zarar yetmoqda.
  Falokatli hodisalarning oldini olish borasida, respublikada ularning vujudga kelish makonlarini chuqur o‘rganish maqsadida har bir soy va daryo vodiysi ehtimol tutilayotgan hodisa nuqtayi nazaridan o‘rta va yirik masshtabli xaritalarga tushirilishi bilan birga, ularning bashorati, baholanishi va hatto pasporti tuzilishi zarur bo‘ladi. Ma’lum vaqt mobaynida ularning aniq nazorati amalga oshirilishi darkor.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.