Geosiyosiy bosqichlar 

9 311

  Insoniyat tarixini geosiyosiy nuqtayi nazardan geosiyosiy bosqichlarning yoki ma’lum bir kuchlarning navbatma-navbat almashinib kelishi sifatida qarash mumkin. Har bir geosiyosiy bosqich kuchlar muvozanatiga, ta’sir doirasiga va chegaralariga ega bo‘ladi.
Geosiyosiy bosqichlarning rivojlanish jarayonida Vena bosqichi o‘ziga xos o‘rin egallaydi. Bu bosqich Vena kongressining (1814-1815) tuzilishi bilan xarakterlanadi. Buning asosi sifatida geografik hududni nazoratda tutish tamoyili olingan.
  Bu bosqichda jahon kuchlari markazi sifatida Rossiya va Avstriya-Vengriya imperiyasi, Britaniya kolonial imperiyasi (imperiya sifatida 1876-yilda e’tirof etilgan bo‘lsa ham), Germaniya imperiyasi (1871-yildan), XIX asrning o‘rtalaridan jahon kuchlari markazi sifatida Fransiya (qonuniy jihatdan respublika hisoblanar edi) o‘zini namoyon eta boshladi. 1877-yildan boshlab Turkiya sultoni «Usmonli turklar imperatori» maqomini qabul qildi.
  Bu bosqichda yirik geosiyosiy markazlarning harbiy, siyosiy va boshqa ko‘rinishdagi nizolari, goh bir markazning rivojlanishi (AQSH, Germaniya) yoki, aksincha, parchalanishi, yo ta’sir doirasining pasayishi (Rossiya, Ispaniya) kuzatiladi.
  Bu bosqichdagi eng yirik voqealardan biri ikkita yirik ittifoqning shakllanishi hisoblanadi. Birinchi ittifoq «Uchlik ittifoqi» hisoblanib, unga Germaniya, Avstriya - Vengriya va Italiya kirgan edi. Ikkinchi ittifoq Antanta hisoblanib, unga Fransiya, Angliya va Rossiya davlatlari birlashgan edi.
  «Uchlik ittifoqi»ning Birinchi jahon urushida (1914-1918) parchalanib ketishi Versal geosiyosiy bosqichining boshlanishi bilan xarakterlanadi va geopolitik kuchlar nisbatining tubdan o‘zgarishiga olib keldi. Kuchli siyosiy markaz bo‘lib hisoblangan Germaniya, Avstriya-Vengriya, Rossiya va Turkiya imperiyalari inqirozga yuz tutdi. Ushbu davlatlarning parchalanishidan paydo bo‘lgan nisbatan kichik davlatlarni Versal shartnomasining mualliflari o‘z ta’sir doiralariga kiritishni maqsad qilib oldilar. Versal shartnomasi siyosiy yetakchilikni quruqlikda Fransiyaga, dengizda esa Angliyaga tegishini ta’minlab berdi.
  G‘olib davlatlar siyosatchilari nuqtayi nazaridan Rossiya uchun Yevropada joy yo‘q edi. Versal shartnomasining ajralmas qismi hisoblangan Millatlar ligasi nomidan Germaniya va Turkiya imperiyalari koloniyalari g‘olib davlatlar tomonidan bo‘lib olindi. AQSH Prezidenti Vilsonning rejalariga ko‘ra Rossiya davlati bir necha ta’sir doiralarga bo‘linishi kerak edi. Masalan, Kavkaz Turkiya imperiyasining bir qismi sifatida, O‘rta Osiyo esa biron-bir Yevropa davlatining protektorati qilinishi lozim edi. Rossiya va Sibirning o‘zida esa amalda hech qanday siyosiy kuchga ega bo‘lmagan qaram davlat tuzish ko‘zda tutilgan edi. Shu maqsadda jahonning 15 ta yirik davlati o‘z qo‘shinlarini Rossiya hududiga kiritdi.
  Birinchi jahon urushida eng katta yutuqqa AQSH burjuaziyasi erishdi. U o‘z kuchini his qilgan holda 1922-yilda Vashington konferensiyasida AQSH Angliya bilan bir qatorda harbiy dengiz flotiga ega bo‘lish huquqini qo‘lga kiritdi.
  Millatlar ligasi yordamida g‘olib davlatlar tomonidan Germa­niya va Rossiya o‘rtasida Fransiya va Angliya davlatlari ta’sir doirasida bo‘lgan bir guruh davlatlardan iborat «sanitar kordon» tashkil etildi va bu bilan ikki yirik davlatning to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalariga chek qo‘yildi.
  Ikkinchi jahon urushi Versal tinchligiga chek qo‘ydi. Urushning barcha qiyinchiliklarini sobiq Ittifoq o‘z bo‘yniga oldi, lekin ushbu urushdan u harbiy va geosiyosiy jihatdan mustahkam bo‘lib chiqdi. O‘z tarixida birinchi marta Rossiya atrofida yirik geopolitik blokni tashkil etdi. Keyinchalik ushbu blokni mafkuraviy va axborot qurollari yordamida parchalash uchun yarim asr vaqt sarflandi.
  Potsdan bosqichi 1945-yildan boshlandi. Berlin shahri yaqinida joylashgan bu shaharchada imzolangan shartnoma Germaniya va uning ittifoqchilari ustidan qozonilgan g‘alabadan so‘ng Yevropadagi kuchlar muvozanatini o‘zida aks ettirdi, yangi geosiyosiy kuchlarning holatini, yangi chegaralarni aniqlab berdi. Shartnoma jahonning ko‘pqirralikdan biopolyar tizimga o‘tganligidan dalolat berar edi. Ya’ni bir tomondan, kontinental (quruqlik) kuchlarini namoyon qiluvchi sobiq Ittifoq va uning ittifoqchilari, ikkinchi tomondan, ko‘proq dengiz kuchlarini o‘zida namoyon qiluvchi AQSH va uning ittifoqchilari geosiyosat olamida tan olindi. Bu ikki qutbning qarama-qarshiligi Potsdan bosqichining mazmunini aniqlab berdi. Uning ahamiyatga molik tomoni shunda ediki, ikkita yirik qutbning qarama-qarshiligi «sovuq» va yadro urushlari o‘rtasidagi muvozanatda kechdi. Sobiq Ittifoq iqtisodiyoti tashqi o‘zgarishlar va rivojlanishlarga nisbatan moslashuvchanlik darajasi past bo‘lganligi uchun inqirozga yuz tutdi.
  Belovej davri yangi davlatlarning paydo bo‘lishi bilan xarakterlanadi. Birinchi navbatda jahonning yangi hukmdorlari «barxatli» va ma’lum kuchga tayangan holda sobiq Ittifoq atrofida, so‘ngra Rossiyada yangi jahon qoidalarini shakllantirmoqdalar. Ular Versal shartnomasi qoidalariga asoslangan holda ish yuritmoqdalar.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.