Yuklanmoqda...

Davlat kuch-qudrati va geosiyosat 

1591

  Geosiyosiy tahlilning muhim elementi davlatning kuch-qudrati hisoblanadi. Davlatning kuch-qudrati deganda ikki narsa tushuniladi: birinchidan, davlatning o‘z maqsadiga boshqa davlat siyosatiga tashqi siyosat orqali ta’sir ko‘rsatish yo‘li bilan erishishi; ikkinchidan, uning o‘z manfaatlarini o‘zining imkoniyatlari vositasida himoya qila olish imkoniyatlari tushuniladi.
  Har qanday davlatning kuch-qudratini quyidagi omillar belgilab beradi: davlatning geografik o‘rni, tabiiy resurslar; sanoat salohiyati; qurolli kuchlarning miqdor va sifat ko‘rsatkichlari; inson resurslari; milliy xususiyat; milliy ma’naviyati; diplomatiya sifati; davlat boshqaruvi darajasi.
  Davlat kuch-qudratini aniqlab beruvchi bunday yondashuv atributli yondashuv deb ataladi. Chunki mazkur yondashuvda aso­siy e’tibor kuch-qudratning eng muhim jihatlarini o‘rganishga qaratiladi.
  Qadimdan kuchli hisoblangan davlatlar nisbatan bo‘sh (kuchsiz) davlatlarni bo‘ysundira olmaganligi haqida juda ko‘p misollar mavjud. Masalan, miloddan avvalgi V asrda benihoya qudratli Fors davlati yarim asrlik urush natijasida erksevar yunon shaharlari - polislari tomonidan mag‘lub qilingan. XX asrning ikki buyuk davlati - AQSH va sobiq Ittifoq ham maqsadiga erisha olmadi. AQSH Vetnam urushida, sobiq Ittifoq qurolli kuchlari Afg‘onistonda mag‘lub bo‘ldi.
  Shu munosabat bilan hozirgi geosiyosat nazariyasi davlatlar o‘rtasidagi kuchlar nisbatini baholash masalasiga e’tibor bermoqda. Ushbu muammo xalqaro hamjamiyatda kuchlar muvozanatini aniqlash bilan bog‘langan.
  Kuchlar muvozanati tarixiy kategoriya bo‘lib, u insoniyatning va mintaqalarning taraqqiyotini belgilab beradi. Raqobat qilayotgan davlatlar frontal raqobatga ham sabab bo‘lishi mumkin. Bizga ma’lumki, bunday raqobat davlatlarning barcha manfatlarini o‘zaro yo‘q qilishga yo‘naltiriladi.
  Geosiyosiy raqobat gorizontal (yuzalama) va vertikal (bo‘ylama) xususiyatga ega. Gorizontal raqobat quruqlik va dengiz yuzasida vujudga kelib, suvdagi va quruqlikdagi raqobatga bo‘linadi. XX asrning 60-90-yillari va hozirgi paytda harbiy havo kuchlarining kuchayishi bilan vertikal raqobat ham vujudga keldi.
  Raqobat cheklangan xususiyatga ham ega bo‘lishi mumkin. Bun­day raqobat cheklangan hududda vujudga kelishi va chuqurlashishi mumkin. Masalan, Kuba, Yaqin Sharq bunga misol bo‘la oladi.
Raboqatda geosiyosiy yo‘nalishlar muhim vazifani bajaradi. Ular juda muhim quruqlik, dengiz va havo yo‘llari hamda kommunikatsiyalar bilan bog‘langandir. Mazkur yo‘nalishlarga neft va neft mahsulotlarini Yaqin Sharqdan Yevropa va AQSHga yetkazib beruvchi asosiy yo‘llar va quvurlar kiradi.
  Geosiyosiy yo‘nalishlar jahon geosiyosiy xaritasini shakllantiruvchi, unda mintaqalarni birlashtiruvchi vosita rolini bajaradi. Shu vaqtning o‘zida davlatlar hamda ularning o‘zaro aloqadorligi va ta’sirini tartibga solib turadi.
  Shunday qilib, geosiyosiy yo‘nalishlar (chiziqlar) - bu geo­siyosiy makonni tashkil etuvchi jarayonlarning elementlaridir. Geosiyosiy makon (siyosiy makon) deyilganda davlat yoki davlat­lar ittifoqi tomonidan nazorat qilib turiladigan makon tushuniladi.

Eslab qoling!
  Frontal raqobat — raqobat qiluvchi asosiy kuchlarning hududiy joylashuvini aniqlab beruvchi frontal chiziqlar (yo‘nalishlar) tomonidan belgilanadi.
  Kuchlar muvozanati — insoniyat va mintaqalarning taraqqiyotini belgilab beruvchi tarixiy kategoriya.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash