Siyosat va geografiya fani o`rtasidagi aloqadorlik 

6 928

  Qadimgi davrlardanoq olimlar geografik muhitning inson siyosiy hayotiga ta’sirini o‘rganishga qiziqqanlar. Arastu o‘zining «Siyosat» deb nomlangan asarida quyidagi fikrni aytib o‘tgan: «Iqlimi sovuq bo‘lgan mamlakatlarda istiqomat qiluvchi kishilar dovyurak bo‘lishadi, ammo ularda xayoliy orzular va ixtirolar qilishga moyillik yo‘q. Shuning uchun ham ular boshqa xalqlarga nisbatan ko‘proq vaqt ozodlikni saqlab turishadi, biroq o‘z qo‘shinlariga boshchilik qilish va ularni boshqarish qobiliyatiga ega emas, ular siyosiy rahbarlikka muhtojdirlar. Janubiy xalqlar, aksincha, chuqur o‘ylaydigan va qiyin holatlardan chiqib ketishga ustadirlar. Ammo ular g‘ayratli emaslar. Shuning uchun ham qullik va tobelik ularga xos «tabiiy holatdir». Oraliq mintaqalarda istiqomat qiluvchi yunonlar esa o‘zlarida Shimol hamda Janub xalqlariga xos bo‘lgan eng yaxshi xislatlarni jo qilganlar».
  Bunday siyosiy nazariyada geografik determinizm an’analariga yo‘l ochib berilgan edi. Mazkur yondashuv Jan Boden tomonidan rivojlantirildi. U insonning rivojlanishiga geografik muhit xalq xarakteri va ruhiyati orqali ta’sir ko‘rsatadi, degan xulosaga kelgan. Uning fikricha, inson hayoti uchun eng qulay va yaxshi sharoitlar mo‘tadil mintaqada, 40-50° shimoliy kengliklar oralig‘ida mavjud. Aynan mana shu hududlarda qudratli davlatlar vujudga kelganligini ko‘rsatib o‘tadi. Jan Boden mustaqil davlatlarning kuch-qudrati va taraqqiyoti ularni o‘rab turgan tabiiy sharoitning ta’siriga bevosita bog‘liq, deb hisoblagan.
 Sh.Monteske ijtimoiy hayot shakllarining rivojlanishida iqlim hal qiluvchi ahamiyatga ega, deb hisoblagan hamda mamlakat qonunlari uning geografik sharoitlariga mos bo‘lishi zarurligini asoslab bergan.
 Geografik determinizm g‘oyalari Germaniyada XVIII va XIX asrlarda siyosiy geografiyadan geosiyosatgacha bo‘lgan davrni bosib o‘tdi.
  Geografik determinizm (lotincha «determino» — aniqlayman) g‘oyasiga binoan ijtimoiy sharoitni mamlakatning geografik joylashishi va tabiiy sharoiti belgilab beradi. Geografik determinizm g‘oyasi vakillarining fikricha, kishilik jamiyatining rivojlanishini geografik sharoitning xususiyatlari belgilab beradi. Masalan, Ritter dunyoni ikki qismga bo‘ladi — suvlik (okeanlar) va quruqlikka. U quruqlik Shimoliy yarimsharda, suvlik esa Janubiy yarimsharda asosiy maydonni tashkil qilishini ta’kidlaydi. Shimolda joylashgan quruqlikni «Eski dunyo» (Yevropa, Osiyo) va «Yangi dunyo» (Shi­moliy va Janubiy Amerika)ga bo‘ladi.
  Uning fikricha, «Eski dunyo» g‘arbdan sharqqa katta masofaga cho‘zilganligi sababli iqlimiy jihatdan bir xillikka ega. «Yangi dunyo» esa shimoldan janubga tomon katta masofaga cho‘zilganligi tufayli iqlimiy farqlari juda katta. Mazkur iqlimiy farqlar Ritterning fikricha, mintaqada istiqomat qiluvchi xalqlar xarakteriga katta ta’sir ko‘rsatadi.
 
Eslab qoling!
 Geografik determinizm — insoniyat taraqqiyotida tabiiy sharoit­ning ahamiyatini bo‘rttirib ko‘rsatuvchi g‘oya, yondashuv.
  Eski dunyo — Xristofor Kolumbgacha insonlarga ma’lum bo‘lgan dunyoning bir qismi — Yevropa, Osiyo, Afrika.
  Yangi dunyo — Xristofor Kolumb, Amerigo Vespuchchi va boshqa sayyohlar tomonidan ochilgan dunyo — Shimoliy va Janubiy Amerika.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.