O`zbekiston jahon siyosiy va iqtisodiy xaritasida 

22 217

  Prezidentimiz I.A.Karimovning «O‘zbekiston XXI asr bo‘sag‘asida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari» deb nomlangan kitobida mamlakatimiz geosiyosiy o‘rni har tomonlama va chuqur tahlil etilgan. Unda O‘zbekiston qulay geostrategik o‘ringa ega ekanligi asoslab berilgan. O‘zbekiston qulay geostrategik o‘ringa egaligidan tashqari O‘rta Osiyo mintaqasining iqtisodiy jihatdan eng rivojlangan mamlakati hamdir.
  O‘zbekiston Respublikasi O‘rta Osiyoning markazida joylashgan bo‘lib, hududi shimoli g‘arbda Orol dengiz va Ustyurt platosidan, janubda Afg‘oniston bilan Amudaryogacha, sharq va janubi sharq tomonlarda Tyan-Shan va Hisor-Oloy tog‘larigacha cho‘zilgan.
 Hududining eng muhim jihatlaridan biri shundan iboratki, bu yerda qorli cho‘qqilar, baland tog‘ muzliklari, katta vodiylar, keng vohalar bilan birga bepoyon cho‘l va qir-adirlar mavjud.
  O‘zbekistonning maydoni 448,9 ming kv. km, shuning to‘rtdan uch qismini tekisliklar va platolar, qolgan to‘rtdan bir qismini tog‘oldi hududlari va tog‘lar tashkil etadi. Hududning katta qismida mo‘tadil iqlim, faqat chekka janubida subtropik iqlim hukmron.
  O‘zbekistonning makrogeografik o‘rni noqulay. U Dunyo okeanidan ancha uzoqda, materik ichkarisida joylashgan. Dunyo okeaniga chiqish uchun shimol tomonda Qozog‘iston va Rossiya (Novorossiysk, Naxodka), Latviya (Klaypeda) portlari, janubi g‘arb tomonda Fors ko‘rfazidagi (Bandyr-Abbos) portga Turkmaniston va Eron hududlari orqali avtomobil va temiryo‘llarda borish mumkin. Undan tashqari Qirg‘iziston va Xitoy hudud­lari orqali (Toshkent-Andijon-O‘sh-Ergashtom-Qashqar-Tinch okean) Tinch okeanga, Afg‘oniston va Pokiston hududlari orqali hind okeaniga chiqish imkoniyatiga ega. Ammo oxirgi yo‘nalish to‘g‘risida Afg‘onistondagi siyosiy vaziyat yanada yaxshilangandan keyingina so‘z yuritish mumkin.
  O‘zbekistonning mezogeografik o‘rni ham makrogeografik o‘rniga o‘xshab ketadi. Shu bilan birga mamlakatning mikrogeografik (ya’ni O‘rta Osiyo mintaqasidagi) o‘rni qulay deb baholanadi. O‘zbekiston O‘rta Osiyo mamlakatlari o‘rtasida joy­lashgan, shuning uchun uning hududi boshqa mamlakatlar uchun ko‘prik vazifasini bajaradi.
  O‘zbekiston xilma-xil tabiiy, ayniqsa, mineral resurslarga boy mamlakat. U O‘rta Osiyo mamlakatlari ichida iqtisodiy jihatdan eng rivojlangan davlatdir. Unda sug‘orma dehqonchilik va u bilan bog‘liq paxtachilik, ipakchilik va qorako‘lchilik yuqori darajada taraqqiy etgan. Shu sababli, O‘zbekiston paxta, pilla yetishtirish hamda qorako‘l teri tayyorlash bo‘yicha jahon mamlakatlari orasida yuqori o‘rinlarni egallab kelmoqda.
 O‘zbekiston rivojlangan sanoat majmuiga ega. Sanoat tarmoqlari ichida elektroenergetika, yoqilg‘i sanoati, mashinasozlik (traktorsozlik va qishloq xo‘jaligi mashinasozligi, avtomobilzoslik), kimyo va neft-kimyosi, qurilish materiallari, yengil va oziq-ovqat sanoati katta ahamiyatga ega.
  O‘zbekistonda 2005-yilda 3,0 mln tonna ko‘mir, 5,4 mln tonna neft, 60 mlrd kub m tabiiy gaz qazib olindi, Tabiiy gazning deyarli 20 foizi eksport qilinadi. Mamlakatimiz dunyoda oltin, kumush, qo‘rg‘oshin, rux, mis va uran rudalari qazib olishda ham yuqori o‘rinlarni egallaydi.
  O‘zbekiston kimyoviy xomashyo resurslari (osh va kaliy tuzlari, fosforlar), bezak toshlari (granit, marmar) va qurilish  materiallarining katta zaxiralariga ega. Bularning barchasi jahon miqyosida mamlakat obro‘sini ko‘taradi va uni dunyoga mashhur qiladi.
Shu bilan birga, mineral resurslar, ayniqsa, strategik ahamiyatga ega resurslarning (oltin, gaz) katta zaxiralari mavjudligi O‘zbekistonning geostrategik ahamiyatini oshiradi. Agar mineral resurs- larga yer-suv resurslari qo‘shilsa, mamlakat ahamiyati yanada yuqoriga ko‘tariladi. Chunki yer-suv resurslari asosida dehqonchilik ekinlari yetishtiriladigan sug‘orma dehqonchilik rivojlangan. Respublikada 4 mln gektarga yaqin sug‘orma yerlar mavjud. Bu MDH mamlakatlari ichida Rossiyadan keyingi ikkinchi ko‘rsatkichdir. Sug‘orma yerlarning deyarli 95 foizi haydaladigan yerlardan iborat. Haydaladigan yerlarga yana bahorikor dehqonchilik yerlari ham qo‘shiladi. Haydaladigan yerlarning umumiy maydoni 4 mln gektardan oshadi.
  Inson resurslarining 55,2 foizini mehnat resurslari tashkil etadi.
  O‘zbekiston aholisining soni 2006-yil 1-yanvar ma’lumotlariga ko‘ra 26,3 mln ga yetdi. Shundan 14,4 mln kishi mehnat resurslarini tashkil etdi. O‘zbekiston aholi soni bo‘yicha jahondagi 230 ta mamlakat ichida 37-o‘rinni egallaydi. Jami aholining 36,1 foizi shahar va shaharchalarda, 63,9 foizi qishloq joylarida istiqomat qiladi. Shahar aholisining hissasiga ko‘ra O‘zbekiston O‘rta Osiyoda Turkmanistondan keyingi o‘rinda turadi. Lekin mintaqadagi shahar va shaharchalarning asosiy qismi, shu jumladan, yirik va katta shaharlarning ko‘pchiligi O‘zbekistonda joylashgan.
  O‘zbekiston dunyo miqyosida tabiiy gaz qazib olish bo‘yicha 5-6-o‘rinlarni egallaydi. Mamlakat aholi jon boshiga hisoblaganda elektroenergiya (1800 kVt/soat), mineral o‘g‘itlar, sement ishlab chiqarish bo‘yicha ham jahon mamlakatlari ichida munosib o‘rinlarni egallaydi hamda qator Osiyo va Afrika mamlakatlaridan oldinda turadi.

Eslab qoling!
 Geografik o‘rin — tarixiy kategoriya bo‘lib, u biron obyektning boshqa obyektga nisbatan qanday joylashganligi, uning sabablari va omillari to‘g‘risidagi ma’lumotlarga asoslanadi.
 Tekislik — Yer yuzasining mutlaq balandligi 400 metrgacha bo‘lgan tekis qismi.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.