Davlat test markazi ogohlantiradi! 

3 346

1-avgust oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlariga ham oz vaqt qolmoqda. Shu munosabat Davlat test markazi axborot xizmati abituriyentlarni test jarayonlarida yo‘l qo‘yiladigan va yuz berishi mumkin bo‘lgan xatoliklar haqida ogohlantirdi. 

O‘tgan yillar davomida test sinovi topshirish jarayonida abituriyentlar tomonidan eng ko‘p xatoga yo‘l qo‘yilgan holatlar va oqibatlari:

1. Test sinovi topshirish jarayonida savollar kitobi va javoblar varag‘i raqamlarining bir-biriga mosligini tekshirmaslik – bunday holat abituriyent tomonidan to‘plangan umumiy ballar miqdorining pasayishiga sabab bo‘lishi mumkin. Unutmang, raqamlar mosligini tekshirish auditoriyada, test sinovi boshlangunga (9:00 ga) qadar amalga oshiriladi. Bunday holat test sinovi boshlangandan (9:00 dan) keyin aniqlansa, e’tiroz qabul qilinmaydi.

2. Savollar kitobi muqovasining belgilangan joyiga familiyasi, ismi va sharifini yozmaslik, imzo qo‘ymaslik – bunday holat keyingi bosqichda (masalan, apellyatsiya jarayonida) abituriyent e’tirozinining ko‘rib chiqilmasligiga sabab bo‘ladi.

3. Test topshiriqlarini yechishdan oldin savollar kitobini tekshirib chiqish shart – aks holda abituriyent tomonidan to‘plangan umumiy ballar miqdorining pasayishiga sabab bo‘lishi mumkin. Unutmang, savollar kitobini tekshirish auditoriyada, test sinovi boshlangunga (9:00 ga) qadar amalga oshiriladi. Bunday holat test sinovi boshlangandan (9:00 dan) keyin aniqlansa, e’tiroz qabul qilinmaydi.

4. Javoblar varaqasining tegishli joyiga familiyasi, ismi va sharifini yozmaslik, imzo qo‘ymaslik – bunday holat keyingi bosqichda (masalan, apellyatsiya jarayonida) abituriyent e’tirozinining ko‘rib chiqilmasligiga sabab bo‘ladi.

5. Javoblar varaqasining alohida joylari (marker chizig‘i, kodlangan doirachalar, shtrix kodlar) ustiga chizish, yozish – bunday holatda ushbu javoblar varaqasi texnik jihatdan yaroqsiz deb hisoblanishi va natija chiqarilmasligiga sabab bo‘ladi.

6. Savollar kitobini yaroqsiz holga keltirish (yirtish, ichki betlarini ajratib olish va b.) – bunday holat keyingi bosqichda (masalan, apellyatsiya jarayonida) abituriyent e’tirozinining ko‘rib chiqilmasligiga sabab bo‘ladi.

7. Savollar kitobini topshirmaslik- bunday holat keyingi ixtiyoriy bosqichda dalolatnoma tuzish orqali chetlashtirishga, abituriyent e’tirozinining ko‘rib chiqilmasligiga sabab bo‘ladi.

8. Javoblar varag‘ini topshirmaslik- bunday holatda auditoriyalar taqsimotiga muvofiq test sinovi yakuni bo‘yicha qaytarib keltirilgan javoblar varaqalari bo‘yicha test sinovi natijalari hisoblanishi belgilanganligi bois, qaytarilmagan javoblar varaqalari bo‘yicha natija hisoblanmaydi va bu abituriyent e’tirozinining ko‘rib chiqilmasligiga sabab bo‘ladi.

9. Titul varaqasi va Abituriyent ruxsatnomasining tegishli joyiga javoblar varag‘i raqamini ko‘chirmaslik yoki xato ko‘chirishlik – bunday holat keyingi bosqichda (masalan, apellyatsiya jarayonida) abituriyent e’tirozinining ko‘rib chiqilmasligiga sabab bo‘ladi.

10. Test materiallari (savollar kitobi va javoblar varaqasi)ni belgilangan vaqtda topshirmaslik, auditoriya nazoratchilarining test materiallarini topshirish haqidagi talabiga bo‘ysunmaslik – bunday holat abituriyentning test sinovi jarayonidan chetlashtirilishiga sabab bo‘ladi.

11. Test sinovlari o‘tkaziladigan binoga kirishda abituriyent mikrokalkulyator, lug‘at, jadval, kitob, uyali telefon, kompyuter, telekommunikatsiya vositalari va shpargalkalar olib kirishga harakat qilsa – bunday holat abituriyentning test sinovi o‘tkaziladigan binoga kiritilmasligiga yoki test sinovi jarayonidan chetlashtirilishiga sabab bo‘ladi.

12. Test materiallari (savolar kitobi, javoblar varag‘i)ni auditoriyadan tashqariga chiqarsa – bunday holat abituriyentning test sinovi jarayonidan chetlashtirilishiga sabab bo‘ladi.

13. Test sinovi topshirish jarayonida boshqalarga yordam bersa, yordam olsa – bunday holat abituriyentning test sinovi jarayonidan chetlashtirilishiga sabab bo‘ladi.

14. Savollar kitobida savollar 1 dan 108 gacha bo‘lgan ketma-ketlikda raqamlangan, lekin fanlar nomlari saqlab qolingan. Masalan, uchta fan bloki mavjud bo‘lgan savollar kitobida birinchi fan savollari 1 dan 36 gacha, ikkinchi fan savollari 37 dan 72 gacha, uchinchi fan savollari 73 dan 108 gacha sonlar shaklida raqamlandi.

Javoblar varag‘ida javoblar belgilanadigan doirachalar 1 dan 108 gacha bo‘lgan ketma-ket sonlar bilan raqamlandi.

Bunda abituriyent savollar kitobida keltirilgan fanlar ketma-ketligi va raqamlar ketma-ketligida ishlashi talab etiladi. Masalan, 1-savol javobi javoblar varag‘ida 1-raqamli doirachaga, 10-savol javobi 10-javoblar doirachasiga, 100-savol javobi 100-javoblar doirachasiga, 108-savol javobi 108-javoblar doirachasiga bo‘yalishi shart – bunday tartibga rioya qilinmagan holatlarda abituriyent tomonidan to‘plangan umumiy ballar miqdori past bo‘lishi mumkin. Unutmang, javoblar varag‘iga javoblarni belgilashda qaysi fan asosiy hisoblanishidan qati nazar, savollar kitobida keltirilgan fanlar nomining, savol va javoblar raqamlarining ketma-ketligiga e’tibor berish shart.

15. Abituriyentlarning auditoriyalar bo‘yicha ro‘yxati (7.2-shakl)dagi tegishli ustunga javoblar varag‘i raqamini yozmaslik va test materiallarini qabul qilib olganligi yoki topshirganligini qayd etish ustuniga imzo qo‘ymaslik – bunday holat keyingi bosqichda (masalan, apellyatsiya jarayonida) abituriyent e’tirozinining ko‘rib chiqilmasligiga sabab bo‘ladi.

16. Apellyatsiya shikoyatlarini ko‘rib chiqish – apellyatsiya komissiyasi tarkibi Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi, apellyatsiya shikoyati berish muddati natija e’lon qilingan kundan boshlab 15 kun qilib belgilangan, apellyatsiya shikoyatini ko‘rib chiqishda abituriyentning ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchilari ishtirok etmaydi, apellyatsiya shikoyati abituriyentning yozma javoblari asosida ko‘rib chiqiladi, savollar kitobi, javoblar varaqasi belgilangan tartibda to‘ldirilmagan, test sinovidan chetlashtirilgan yoki o‘zining javoblarini yozma ravishda bayon qilmagan abituriyentning apellyatsiya shikoyati ko‘rib chiqilmaydi, apellyatsiya shikoyati ko‘rilayotgan auditoriyaga taqiqlangan vositalarni olib kirgan, jarayonga xalaqit bergan, yordam olgan va yordam bergan, savollar kitobini yirtgan abituriyent chetlashtiriladi va e’tirozi ko‘rib chiqilmaydi.

Unutmang! Davlat test markazi test sinovi topshirish jarayoni bilan bog‘liq faqat o‘zining vakolati doirasiga kiruvchi masalalar yuzasidan e’tirozlarni ko‘rib chiqadi.

Davlat test markazi

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.