Yozuvsiz xaritalar bilan ishlash 

10 645

Maktab geografiya kurslarining barchasida yozuvsiz xaritalar bilan ishlash alohida ahamiyatga ega. Yozuvsiz xaritalar bilan ishlashga o`qituvchi o`quvchilarni dastlabki geografiya darsidan o`rgatib borishi zarur. Geografiyadan o`tkaziladigan bilimlar bellashuvi musobaqalarida yozuvsiz xaritalar bilan ishlash alohida mashg`ulot turi bo`lib, unda 50 ballik baholanishi, bu mashg`ulotning geografiya ta`limidagi ahamiyatini belgilaydi. O`quvchilarning yozuvsiz xaritalar bilan ishlay olish malakalarini rivojlantirish uchun uning qoidalarini to`g`ri anglab olishlari muhimdir. Odatda yozuvsiz xaritalar dars va uyga vazifani bajarish sharoitida ma’lum geografik ob’yektni yozuvsiz xaritaga tushirish geografik atlasga qarab amalga oshiriladi. Bilimlar bellashuvi musobaqalarida esa o`quvchidan atlasga qarab emas, balki yoddan ob’yektlarni joylashtirish talab etiladi. Shuni hisobga olib geografiya o`qituvchilari darsda va uyga vazifani bajarish jarayonida o`quvchilarni mustaqil geografik atlasdan foydalanmasdan yozuvsiz xaritalarni to`ldirish malakalarini shakllantirishlari talab etiladi. O`quvchilar quyida beriladigan yozuvsiz xaritalar bilan ishlash qoidalarini puxta o`zlashtirishlari lozim.
 QOIDALAR:
1. Har bir yozuvsiz xaritaning yuqoridagi ung chekkasiga o`quvchi o`z ism-sharifi, o`qiyotgan maktabi, sinfi, yuqorigi chap chekkasiga xaritaning nomini yozib qo`yishi shart.
 
2. Xaritadagi barcha yozuvlar mayda, aniq, chiroyli yozilishi kerak. Daryolar oqimi bo`ylab va tog`larning nomlari, ularning yo`nalishi bo`yicha, pasttekisliklar nomi esa parallel chiziqlar bo`ylab yoziladi.
 
Agar geografik ob’yektning nomi xaritaga sig`maydigan bo`lsa, ob’yekt yoniga raqam qo`yiladi va bu raqamning nimani bildirishi xaritaning pastki qismida yoki orqa tomonida yoziladi.
 
3. Agar topshiriqda (masalan, Yer yuzasi relyefining asosiy shakllarini ko`rsatish lozim bo`lsa) xaritani bo`yash lozim, bunda rangli qalamlar bilan bo`yab, keyin geografik nomlar yoziladi.
 
4. Yozuvsiz xaritalar bilan bajariladigan ishlar o`qituvchi rahbarligida sinfda bajarilishi lozim. Sinfda yozuvsiz xarita bilan ishlash 10-15 daqiqadan oshmasligi kerak. Aks holda o`quvchilar charchab qolib xaritani sifatli ishlashiga putur yetadi.
 
5. Odatda yozuvsiz xarita bilan ishlash o`qituvchining hikoyasi va o`quvchilarni sinf doskasiga chaqirib so`rash bilan almashtirilib turiladi.
 
6. Yozuvsiz xarita yer sharidagi asosiy relyef formalari ya’ni tog`, tekislik, pasttekisliklarni belgilashda, vulqonlarning joylashishini ko`rsatishda, orol, yarim orol, bo`g`iz, qo`ltiq, dengizlarni belgilashda foydalanish zarur. Materiklarning ichkari qismidagi ob’yektlardan daryolarni, tog` tizmalari va aholi punktlarini belgilashda foydalanish mumkin.
 
7. Yozuvsiz xaritadan foydalanish o`quvchilarda geografik ob’yektlarni fazoviy joylashuvini to`g`ri anglab olishga ko`maklashadigan muhim ta’limiy vosita hisoblanadi.
 
8. Yozuvsiz xaritalarda agar materiklar tabiiy geografiyasiga doir tabiiy xaritalarni to`ldirish talab etilganda past tekisliklar baland yashil rangda, tekisliklar - past yashil, qir va past tog`lar sariq, tog`lar balandlik shkalasiga muvofiq qizg`ish rangdan to`q jigarrangda bo`yaladi.
 
9. Yozuvsiz xaritalarda materiklarning chekka nuqtalari parallel chiziqlarga parallel holda chiroyli bosma yozuvda yozilishi diqqatga sazovordir.
 
10. Materik yoki biror tabiiy o`lkaning tabiiy qazilma boyliklari shartli belgi asosida aniq qora yoki baland ko`k rangda yoziladi.
 
11. Okean yoki dengizlar nomi uning shakliga mos ravishda albatta ko`k rangda yoziladi. Okean oqimlari iliq (qizil strelka), sovuq (ko`k strelka) yordamida ko`rsatilib oqim nomi uning yo`nalishi bo`ylab yoziladi.
 
12. Davlatlar nomi davlat hududining shakliga mos ravishda shimoldan janubga yoki g`arbdan sharqqa qarab yoziladi va albatta mazkur davlatning poytaxti va yirik port shaharlari ko`rsatiladi. Shaharlar nomi va ularning punktlari aholi soniga ko`ra kichik, o`rta, yirik, poytaxtlari turli kattalikdagi shriftlar bilan yoziladi.
 
13. Iqtisodiy mazmundagi xaritalalarni chizishda geografik hodisa va jarayonlarning xarakteriga mos ravishda sanoat, kishloq xo`jaligi, transport va boshqalarni ifodalash uchun xizmat qiladi. Aholi punktlarida qanaqa sanoat tarmoqlarini ularning rangiga mos ravishda belgilash va ularni xaritaning shartli belgilar burchagida ko`rsatish talab etiladi. Transport (temiryo`l va avtoyo`llar) ko`rsatilishi shart.
 
14. Bilimlar bellashuvi amaliy topshirig`ida so`ralayotgan ob’yektlarni yozuvsiz xaritaga tushirishni esdan chiqarmaslik (Masalan: 5 ta daryo, 4 ta tog` tizmasi, 6 ta sanoat markazi va hakazolar)
 
15. Yozuvsiz xaritalarda eng yuqori baho o`quvchining geografik ob’yektlarini to`g`ri joylashtirishi, to`g`ri va nafis bo`yash mahorati va har bir geografik ob’yektni chiroyli va to`g`ri, chiroyli yozuv orqali ifodalangan ishlarga beriladi.
 
Geografiya ta’lim yuzasidan amal qilayoggan umumiy o`rta ta’lim davlat ta’lim standartlari talablarining muhim jihatlaridan biri barcha geografiya kurslarida ham nazariy, ham amaliy jihatdan o`quvchilarning olingan bilimlarining chizma va yaxlit ifodasi yozuvsiz xaritalarda o`z aksini topadi.
 
Yakuniy xulosa sifatida shuni aytib o`tish lozimki, geografik xarita, globus, didaktik geografik jadvallar qatori yozuvsiz xaritalar bilan ishlay bilish malakalarini shakllantirish muhim ta’limiy ahamiyatga ega. O`quvchilarning ular mohiyatini anglab olishi, o`qiy olishi va eng asosiysi ularni bilishi geografik bilimlar poydevorini mustahkamlaydi va geografiya ta’limi samaradorligini ta’minlaydi. Bilimlar bellashuvi va geografiyaga doir fan olimpiadalarida g`olib o`quvchilarni tayyorlashda va yozuvsiz xaritalarni to`ldirishda yuqorida sanab o`tilgan qoidalarga so`zsiz rioya qilish sizga muvaffaqiyatlar keltiradi deb ishonch bilan ayta olamiz.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.