Yuklanmoqda...

Xaritalar bizni qanday aldaydi?


Turli gadjetlar, ijtimoiy tarmoqlar va kompyuter o‘yinlaridan holi o‘tgan bolaligimizda biz odatda ko‘chada, mahalladagi tengqurlar bilan harakatli o‘yinlar o‘ynab vaqt o‘tkazar edik. Ko‘chada o‘ynash imkonsiz bo‘lgan kunlari, qo‘shni bolalar bilan uyda to‘planib, turli intellektual o‘yinlar, masalan, xaritadan biror shahar, yoki mamlakatni topish o‘yinini o‘ynardik. Bu o‘yinlar orqali o‘zimiz bilmagan holda dunyoning siyosiy xaritasini ancha yaxshi o‘zlashtirib olganmiz. Egallangan bilimlar esa, keyinchalik katta sinflarda, geografiya va tarix darslarida juda asqotgandi. O‘shandayoq, dunyodagi eng katta mamlakat – Rossiya, eng kichik qit’a – Avstraliya, eng katta orol esa – Grenlandiya ekanligini yaxshi bilib olganman.
Lekin men keyinchalik bir narsaga e’tibor qaratib qoldim: odatda, xaritalarda Avstraliya qit’asi Grenlandiya orolidan ko‘ra kichikroq ko‘rinadi (quyidagi xaritaga qarang):

Odatiy xaritada Avstraliya Grenlandiyadan kichikroq ko'rinadi.

Va haqli savol uyg‘onadi: agar rostdan ham Grenlandiya Avstraliyadan katta bo‘lsa, unda nega uni ham qit’a deb e’tirof etishmaydi? yoki, Avstraliyani ham orol deb aytaverishmaydi?

O‘shanda bu savol yuzasidan qiziqish menga geometriya va xaritalar bilan bog‘liq yanada ajoyib tafsilotlarni ochib bergandi. Xususan, ma’lum bo‘lishicha, xaritada katta ko‘ringani bilan, aslida Grenlandiya Avstraliyadan anchagina kichik ekan. Yoki, xaritada Islandiya bilan bir xil o‘lchamda ko‘rinadigan Keniya davlati, aslida undan kattaroq bo‘lib, eng katta davlat – Rossiya ham, asl o‘lchamlariga ko‘ra xaritada chizilganidek darajada vahimali emas ekan. Eng qiziq faktlardan yana biri shu bo‘lib chiqdiki, siz bilan biz ko‘rib ko‘nikib qolgan odatiy xaritalarda, u shaharlar orasidagi masofalarni belgilashda, ayniqsa, qit’alararo dengiz yo‘llarini ko‘rsatishda, ushbu shaharlar orasidan o‘tkazilgan to‘g‘ri chiziq eng qisqa yo‘l bo‘lmas ekan! Xaritadagi eng qisqa yo‘l esa to‘g‘ri chiziqdan ko‘ra ancha uzunroq bo‘lgan – yoy ko‘rinishida bo‘lar ekan!

Zamonangdan aylanay, hozirda xaritalar bilan bog‘liq o‘sha qiziqarli va g‘alati tafsilotlarni tushuntirish va siz bilan baham ko‘rish uchun qo‘limizda bir nechta on-layn servislar va interfaol veb-dasturlar mavjud. Quyida, shunday veb-manbalardan foydalangan holda, xaritalar ko‘zlarimizni qanday aldashi va asl voqe’lik qanday ekanligi haqida sizga illyustratsiyalangan tarzda bayon qilib berishga harakat qilaman.

Demak, avvaliga, Grenlandiya va Avstraliyaning haqiqiy o‘lchamlarini taqqoslab olsak: Avstraliya umumiy maydoni 7 692 024 km2 bo‘lgan qit’adir. Grenlandiya esa, 2 166 086 km2 maydonga ega. Oddiy arifmetika aytib turibdiki, Avstraliya Grenlandiyadan 3,5 barobar katta ekan. Bunga, Avstraliya qit’asi va Grenlandiya oroli o‘zaro yonma-yon qo‘yilgan quyidagi rasm-xaritalarga qarab o‘zingiz ishonch hosil qilishingiz mumkin: 

Avstraliya bilan Grenlandiya yonma-yon taqqoslanishi  

Endi, Rossiyaning aslida xaritada aks etgandek darajada katta emasligini ko‘ramiz. Shubhasiz u eng katta mamlakat. Xaritaga nazar solsangiz, Rossiya hatto Afrika qit’asidan ham kattadek ko‘rinadi:  

 

Lekin aslida, materik Afrikaning umumiy maydoni 30 221 532 km.kv; Rossiya esa 17 125 191 km.kv. Demak, Afrika qit’asi Rossiyadan naq ≈13 ming km.kv ga kattaroq ekan! Buni quyidagi xaritada Rossiya va Afrikani yonma-yon taqqoslash orqali aniq ko‘rish mumkin; unda shuningdek, xaritada kichkinagina ko‘rinadigan Kongo Demokratik Respublikasi ham aslida Yevropa qit’asining yarmichalik kelishi ham yaqqol taqqoslab qo‘yilgan: 


 
Xaritada Afrika va Rossiya hamda, Kongo Demokratik Respublikasi va Yevropa o‘zaro taqqoslangan. Aslida Afrika kattaroq! Yevropaning yarmichalik keladi aslida.

Xo‘sh, nimaga shunday bo‘lmoqda degan savol sizga ham qiziq tuyulayotgan bo‘lsa kerak? Unda tanishing, hammasiga «aybdor» shaxs – Gerard Merkator bo‘ladi.
 
Gerard Merkator (1512-1594) hozirgi Belgiya davlatining sharqiy Flandriya hududidagi Rupelmond shahrida tug‘ilib o‘sgan. U paytlar Flandriya o‘lkasi Gollandiya davlati tarkibida bo‘lgan. Merkatorning asl familiyasi Kremer bo‘lib, u nemischada «savdogar» degan ma’noni anglatadi (Merkator ham lotinchada aynan shunday ma’noni bildiradi). Bu odam hayotda haqiqatan ham savdogar bo‘lganmi-yo‘qmi, bunisi bizga qorong‘u. Lekin u tarixda savdogar sifatida emas, balki, zamonaviy xaritashunoslikning asoschisi sifatida nom qoldirgani aniq. Albatta, tarixda undan avval ham ko‘plab olimlar va sayyohlar turli ko‘rinishdagi xaritalarni chizib, ommalashtirishga urinishgan. Masalan, Ptolomey xaritasi, yoki, al-Idrisiy xaritasi kabilar ham qadimda mashhur bo‘lgan. Xususan, Ptolomey xaritasi deyarli 14 asr mobaynida, O‘rta Yer dengizi havzasi uchun eng asosiy xarita bo‘lib xizmat qilgan. Biroq, XVI asrdan boshlab, aynan Merkator ishlab chiqqan usulda chizilgan xaritalar eng qulay va ishonchlisi sifatida ommalashib ketdi va bugungi kunda ham shu maqomda turibdi. Hayron bo‘layotgandirsiz? Axir uning uslubida chizilgan xaritalarda mamlakatlarning asl o‘lchamlari noto‘g‘ri ko‘rsatilishi yuqorida yaqqol misollar bilan ko‘rdikki?! Shunday xatoliklarga ega xaritalar qanaqasiga ommalashib ketadi?

Haqiqatan ham, Merkator XVI asrda ishlab chiqqan xarita chizish usuli, o‘zining ishonchliligi bilan ayniqsa dengizchilarning ishonchini mukammal oqlagan. Yangi qit’alarning kashf etilishi, buyuk geografik kashfiyotlarning amalga oshirilishi bilan kechgan o‘sha shonli asrda dengizchilik mislsiz sur’atlarda taraqqiy eta boshlagan edi. Bu esa, kema darg‘alari oldiga, kemalarni dengiz va ummonlarda to‘g‘ri yo‘naltirish, bandargohlarning joylashuvini va dengiz oqimlarining yo‘nalishini aniq belgilash masalalarini ko‘ndalang qo‘ygan edi. Ochiq dengizda dunyo tomonlarini to‘g‘ri belgilash, qayoqqa qarab suzish kerakligini aniqlay bilish masalasi avvalo hayot-mamot masalasi, qolaversa, yuklarni vaqtida eltish kabi masalalar bilan bog‘liq bo‘lgan savdo-iqtisodiy ehtiyoj talabi edi. Suzish miqyoslari tobora butun dunyo ummon va dengizlarini qamrab ola boshlagach, dengizchilar aniq xaritalarga kuchli ehtiyoj seza boshlashdi. Eski xaritalarga qarab suzgan shturmanlar ba’zan kemalarni noma’lum qirg‘oqlarga yetaklab borib qo‘yishardi. Ba’zan esa, kemalarni xavfli qoyali yoki sayoz qumloq qirg‘oqlarga o‘tqazib qo‘yib, butun kema jamoasining qarg‘ishiga qolishardi. Xullas, endi Ptolomey xaritasi kabi, «almisoqdan qolgan» xaritalar ish bermay qo‘ygandi.

Shunda Merkator katta sahnaga chiqdi. U keyinchalik o‘z nomi atala boshlagan xaritalarni proyeksiyalash uslubini ishlab chiqdi va amaliyotga taqdim etdi. Ushbu uslubga ko‘ra, xaritada meridianlar va parallellar to‘g‘ri chiziq bilan ifodalanadi va ular o‘zaro to‘g‘ri burchak ostida kesishadi. Merkator proyeksiyasida faqat meridianlarning oraliq masofasi doimiy bir xil bo‘ladi. Ya'ni, istalgan ikkita meridianni o‘zaro taqqoslasangiz ular doimo teng bo‘laveradi. Lekin, Merkator proyeksiyasida chizilgan xaritalarda parallellar ekvatorda uzoqlashgan sari kattalashib boraveradi. Agar ekvatorga eng yaqin parallel va undan eng uzoq bo‘lgan, ya'ni, qutbga eng yaqin bo‘lgan parallel o‘zaro taqqoslansa, qutblar yaqinidagi parallel ancha katta ekanini darhol payqash mumkin. Bu degani, geografik obyekt, aytaylik, biror mamlakat ekvatordan qanchalik shimolda joylashgan bo‘lsa, uning maydoni ham shunga mos ravishda yoyilganroq tarzda, asl miqyosdan kattaroq taassurot bilan ifodalanadi. Chunki, Merkator proyeksiyasida miqyoslar orasidagi nisbat, ya'ni, proporsiya faqat ekvatorda aniq saqlanadi xolos. Shunga ko‘ra, Merkator xaritalarida masofa va maydon proporsiyalari kuchli nomuvofiqlikka ega.

Lekin, shunga qaramay, Merkator xaritalarini boshqa xaritalar oldida tengsiz qilib qo‘yadigan juda muhim bir afzalligi mavjud: ushbu xaritalar qarab dunyo tomonlarini adashtirib qo‘yishning ilojsizligidan tashqari, aynan Merkator xaritalarida tomonlar orasidagi burchak doimo bir xil saqlandi. Bu esa navigatsiya uchun, ya'ni, yo‘nalishni to‘g‘ri tanlay bilish uchun favqulodda muhimdir. Aynan Merkator proyeksiyasi bilan chizilgan xaritada, doimiy bir xil yo‘nalishda, ya'ni, doimiy kursda ketayotgan kemaning yo‘li, to‘g‘ri chiziq bilan ifodalanadi. «Doimiy kursda» deyilganda, aniq bir yo‘nalishda barqaror kurs saqlab suzish tushuniladi. Dengizchilar «rumb» deb ataydigan muayyan yo‘nalishlar bo‘yicha xaritaga qarab kemani to‘g‘ri chiziq bo‘yicha boshlab borilsa, shturman va darg‘a kemani mo‘ljallangan bandargohga aniq olib bora olishadi. Merkator xaritasiga qarab to‘g‘ri chiziq bo‘ylab suzish esa, hamma meridianlarni aynan bir xil burchak ostida kesib o‘tish demakdir. Buning uchun shturman xaritada manzil sifatida olingan port shaharga moslab chizg‘ich qo‘ysa va shu yo‘nalishda rumbni saqlasa kifoya.
Merkator xaritalarining ushbu afzalligi nafaqat ummonlarda suzishda, balki, quruqlikda orientir olishda ham o‘z ahamiyatiga ega. Aynan shu sababli ham, ya'ni, yo‘nalishni adashtirmaslik jihatdan benazir bo‘lgani uchun ham Merkator xaritalari jamiyatda eng ommabop xaritaga aylangan va bu maqomni mana 500 yildirki o‘zida saqlab turibdi.

Quyida keyingi ikki tasvir-grafiklarda, Merkator proyeksiyada nisbatlar (proporsiyalar) qanday olinishi yaqqol ko‘rsatilgan. Ularga diqqat bilan razm solib, nima uchun xaritalar bizni chalg‘itishini, nimaga aslida Avstraliya Grenlandiyadan katta bo‘lsa-da, xaritada undan kichik ko‘rinishini, yoki, Rossiya vahimali ko‘ringani bilan, aslida Afrikadan kichik ekanini bilib olasiz.

Aytgancha, ushbu bayon qilinganlar xaritalar bizni qanday aldashi va asl gap qayoqda ekani haqidagi tafsilotlarning hammasi emas. Keyingi maqolamizda, Merkator xaritalari bilan bog‘liq yana bir g‘alati va qiziq jihat haqida suhbatlashamiz. Ya'ni, qanaqasiga, xaritada eng qisqa yo‘l to‘g‘ri chiziq emas, balki, yoy bo‘lishi tafsilotlarini ko‘rib chiqamiz. 

Merkator proyeksiyasida meridianlar bir xil, lekin, parallellar bir-biridan tobora kattaroq tarzda ifodalanadi.

Shunga ko‘ra, xaritadagi obyektlarning maydoni ifodasi ham quyidagicha nisbatlarda o‘zaro nomuvofiqlikka uchraydi:


 
Ushbu xaritadagi istalgan doiraning egallagan maydoni, qolgan istalgan doiraning egallagan maydoni bilan teppa-teng.

Maqolani tayyorlashda http://thetruesize.com/ veb-manbasidan foydalanildi. Quyida, ushbu manba asosida olingan yana bir nechta qiziqarli taqqoslashlarni e’tiboringizga havola qilamiz:

Vatanimiz O‘zbekistonning maydoni Skandinaviya yaqinida qanday ko‘rinardi-yu, ekvatorda bo‘lsa qanday ko‘rinardi:
 

  

2. Dunyodagi eng katta davlatlardan biri – Braziliya, ekvator yaqinida emas, balki, aytaylik Rossiyaning o‘rnida bo‘lganda qanday ifodalanardi:  

  

3. Xuddi shu tarzda, Indoneziya va Kanadani ham joyini almashtirib ko‘ramiz:  

 

Qiziqsangiz, o’zingiz ham kirib, xaritalar bilan eksperimentlar qilib ko’ring: http://thetruesize.com/

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing! Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!

Sharhlar