Geografik prognoz 

7 056

Inson  xo‘jalik  faoliyati  bilan  shug‘ullanar  ekan,  tabiiy  sharoitning shu kundagi holati bilangina emas, balki kelajakda ro‘y beradigan turli o‘zgarishlar  bilan  ham qiziqadi. Binobarin,  tabiiy  sharoit  o‘zgarishini inson manfaatlari nuqtayi nazaridan oldindan prognoz qilish va  chuqur tahlil qilish katta ahamiyatga ega. 

Fanda biror  hodisa  yoki  biron-bir obyekt  holatining  o‘zgarishini  oldindan ko‘ra bilish va ayta olish prognoz deb ataladi.

Geografik prognozlash – tabiiy va ijtimoiy-iqtisodiy muhitning rivojlanishi va o‘zgarishi haqida ma’lumotlar to‘plash va qayta ishlash jarayonidir.
 
Geografik  prognoz  deb,  tabiiy  muhit  va  hududiy  ishlab  chiqarish majmualarining o‘zgarishidagi  asosiy  yo‘nalishlarni  ilmiy  jihatdan  oldindan asoslab berishga aytiladi.

Geografik prognozlar  bir necha variantlarda  amalga oshiriladi.  Ulardan avvaliga nisbatan yaxshi bo‘lgan bir nechtasi, keyinchalik  esa eng maqbul  varianti  tanlab  olinadi  va  mazkur  variant  asosida  barcha  hisob-kitob ishlari bajariladi.

Geografik  prognozlar  turli  muddatlarga  tuziladi.  Shuning  uchun prognozlar muddatiga ko‘ra, quyidagi turlarga bo‘linadi: operativ prognoz 1 oy muddatga, qisqa muddatli prognoz 1 oydan 1 yilgacha, o‘rta muddatli prognoz 1 yildan 5 yilgacha, uzoq muddatli prognoz 5 yildan 15 yilgacha, juda uzoq muddatli prognozlar 15 yildan ko‘proq muddatga ishlab chiqiladi.

Tabiiy geografik prognozni amalga  oshirish  uchun geotizimlar komponentlarining prognozli xossalarini aniqlab olish talab etiladi. Ma’lum bir  joyning  relye♏  ,  tog‘ jinslari,  tuproqlari,  suvlari,  o‘simligi  va  hayvonot  dunyosi  o‘ziga  xos xususiyatlarga  ega  bo‘ladi.  Bu  xususiyatlar haqidagi ma’lumotlar tabiiy geogra♏ k prognozlarda ishlatiladi.

Geotizimlar komponentlarining tabiiy muhit ifloslanishini kamaytirish xususiyatlari quyidagilardan iborat:

1.  Relyef.  Botiqlar  texnogen  mahsulotlarni  (chiqindilarni)  to‘plovchidir. Balandliklar esa  ularni  tarqatib  yuboruvchidir.  Yonbag‘irlar qiyaligi  ularning  parchalanish darajasi,  zichligi,  yerosti  suvlarining harakatiga ijobiy yoki salbiy ta’sir qilishi mumkin.

2. Tog‘ jinslari. Suv o‘tkazadigan,  suv o‘tkazmaydigan jinslar, ularning qalinligi tabiiy muhitga ta’sir ko‘rsatadi.

3.  Suvlar.  Ularda  erigan  organik  moddalarning  miqdori,  yillik oqim  miqdori,  oqim tezligi  muhim  ahamiyatga  ega.  Oqim  tezligi qancha  yuqori  bo‘lsa,  ifloslovchi moddalar  shuncha  tez  olib ketiladi.  Suvdagi organik moddalar  og‘ir metallarning eruvchanligini tezlashtiradi.

4.  Tuproqlar.  Oksidlanish-qaytarilish,  kislotali-ishqorli  sharoit. Tuproq  ni ifl oslovchi moddalardan  o‘z-o‘zini tozalash qobiliyatini belgilab beradi.

5. O‘simliklar. Ifloslovchi moddalarni yutadigan o‘simliklar turlari. Mazkur  xususiyatlar asosida  tabiiy  muhitning  o‘zgarishini  oldindan aytib berish mumkin.
 
Geografik  prognozlar sayyoraviy, mintaqaviy va mahalliy miqyoslarda olib boriladi. 
 
Sayyoraviy prognozlar ma’lum  bir  hududga  bog‘lanmagan  bo‘lib, geografik qobiq doirasidagi,  butun  insoiyatga  daxldor  muammolarga bag‘ishlanadi. Sayyoraviy geografik  prognozlarning asosiy  maqsadi  insoniyatning  kelajakdagi  hayotini  va Yerni  saqlab  qolishga  qaratilgan muammolarni  oldindan  prognoz  qilishdir.  Shuning uchun  ham  mutaxassis  va  olimlarning  ko‘pchiligi  hozirgi  paytda  butun  dunyo miqyosida kelajakda kutilayotgan  turli  noxush hodisalarni  prognoz  qilish  bilan shug‘ullanadi. Atmosfera  havosining  ifloslanishi,  ozon  qatlamining yupqalanishi, «issiqxona  samarasi»ning  vujudga  kelishi,  cho‘llashish jarayoni,  gidrosferaning  ifl oslanishi  va  toza  ichimlik  suvi  muammosi shular  jumlasidan.  Insoniyatning kelajakdagi  hayoti  yuqoridagi  muammolarning qanday prognoz qilinishi va bartaraf etilishiga bog‘liq. 

Mintaqaviy prognozlar biron mintaqa doirasida bir nechta davlatlarga  daxldor muammolarning kelajakdagi o‘zgarishini  oldindan  asoslab berishga  qaratiladi. Jahonning  xo‘jaligi  yuksak  darajada  rivojlangan qismlarida  jamiyat  bilan  tabiat o‘rtasidagi  munosabatlar  o‘ta  keskinlashdi.  Buning  oqibatida  turli xil ekologik muammolar  yuzaga  keldi, natijada ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlar murakkablashdi. Mazkur mintaqalarga O‘rta, Boltiq, Shimoliy, Qora dengizlar, Meksika, Fors qo‘ltiqlari va boshqa joylar kiradi. Ushbu joylarda neft tashilishi, daryolar orqali turli xil zararli moddalarning oqib kelishi, turli sanoat chiqindilarining dengizlarga  tashlanishi  natijasida  tobora ifloslanib bormoqda.  Oqibatda  dengiz  o‘simlik  va  hayvonot  dunyosiga  katta  zarar yetkazilmoqda, dengiz qirg‘oqlarining  rekreatsion imkoniyatlari  cheklanmoqda va aholining yashash sharoiti yomonlashmoqda.

Mahalliy  geografik  prognozlar.  Ma’lum  bir  muhandislik  inshooti  yoki  inshootlar guruhining  tabiiy  muhitga  ta’sirini  oldindan  asoslab berish mahalliy  geogra♏  k prognoz  deb ataladi. Tabiatga  ta’sir  etadigan muhandislik inshootlari  sanoat korxonasi, suvombori,  shaxtalar, yo‘llar, aerodromlar, shaharlar  va  boshqalar bo‘lishi mumkin. Masalan, foydali qazilma  koni ochiq usulda qazib olinadigan bo‘lsa, hududda botiq  hosil  bo‘ladi,  tashlamalar  vujudga  keladi,  yerosti  suvlari  sathi pasayadi, noxush jarayon (surilma, ko‘chki, o‘pirilma)lar rivojlanadi, suv, tuproq, o‘simlik va  hayvonot  dunyosi  ma’lum  joylarda  butunlay  yo‘qoladi, ma’lum bir joylarda esa katta o‘zgarishlarga uchraydi.
 
O‘zbekiston  tabiat  komplekslarining  o‘zgarishini  prognozlash. O‘zbekistonda shakllangan  tabiat  komplekslari rivojlanishi  va  tuzilishining  asosiy  qonuniyatlarini, ularda  vujudga  keladigan  tabiiy  geografik jarayonlarni,  inson  faoliyati  ta’sirida ro‘y beradigan  o‘zgarishlarni o‘rganish  asosida  kelajakdagi  o‘zgarishlarning  asosiy yo‘nalishlarini prognoz qilish mumkin.

O‘zbekistonda,  asosan,  tekislik,  tog‘oldi  va  tog‘  tabiat  komplekslari tarqalgan, shuning uchun  prognozlash ishlari  ikki  yo‘nalishda  olib borilishi lozim.

O‘zbekistonda tekislik tabiat komplekslaridan hozirgi paytda, asosan, chorvachilik  va sug‘orma  dehqonchilik  maqsadlarida  foydalaniladi. 

Foydali  qazilmalar  topilgan  joylarda  konchilik  sanoatida  foydalaniladi. Inson xo‘jalik faoliyatiga bog‘liq holda tekislik tabiat komplekslari turli darajada o‘zgargan.
  
Tog‘oldi va tog‘ tabiat komplekslarida xo‘jalik faoliyati xilma-xilligi bilan ajralib turadi. Tog‘oldi tabiat komplekslari kuchli o‘zgargan, adirlar va  past tog‘lar  kamroq o‘zgargan, o‘rtacha va  baland tog‘lar tabiat komplekslari kuchsiz o‘zgargan hisoblanadi.
 

 


Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.