Loyihalash ishlarida landshaft tahlili 

11 424

  Hozirgi paytda shaharsozlik, suv inshootlari, sanoat korxonalari va boshqa yirik inshootlarni loyihalashda landshaft tahlili qo‘llanilmoqda. Landshaft tahlili muhandislik inshootlarini to‘g‘ri joylashtirishga, tabiatda sodir bo‘ladigan noxush hodisalarning oldini olishga imkon beradi.
 Landshaft tahlili deganda landshaftlarning xossa va xususiyatlarini, tuzilishini, rivojlanishini, vujudga kelish tarixini, unda ro‘y beradigan jarayonlarni o‘rganish uchun qo‘llaniladigan usullar majmuasi tushuniladi.
  Landshaft tahlili usuli landshaftning ikki tarkibiy qismi bo‘lgan tabiiy va antropogen qismlarini tadqiq qilish va xaritalashni o‘z ichiga oladi. Landshaft tahlili tabiiy sharoitning o‘zgarishini baholash va bashoratlash uchun asos bo‘ladi.
 Landshaft tahlili usuli tabiiy sharoit va resurslarni o‘rganishda yangi yerlarni o‘zlashtirish va sug‘orish hamda zovur tarmoqlarini, sanoat korxonalarini, shahar qurilishini loyihalashda qo‘llaniladi.
  Tabiiy sharoit va resurslarni o‘rganishda landshaft tahlili quyidagi tartibda amalga oshiriladi.
  O‘rganilayotgan hududning landshaft xaritasi tahlil qilinib, unda qanday landshaft turlari (tabiiy va antropogen) tarqalganligi aniqlanadi. Xaritadan hududda tarqalgan asosiy relyef shakllari, tuproq turlari, o‘simlik qoplami, sug‘oriladigan, sug‘orilmaydigan yerlar, yaylovlar, daryo terrasalari, sanoat korxonalari, suv inshoot­lari aniqlanadi. Muhandislik inshootlari va antropogen landshaftlarning qanday relyef shakllarida tarqalganligi tahlil qilinadi. Masalan, sholizorlar daryo qayirlarida, paxtazorlar yuqori terrasalarda, yaylovlar cho‘llarda yoki tog‘ yonbag‘irlarida joylashgan va h.k.
  Hududni yirik masshtabli landshaft xaritalari yordamida o‘rganish ko‘pincha fatsiyalar xaritasini o‘rganish orqali amalga oshiriladi (1:2500-1:5000).
  Sizga ma’lumki, fatsiyalar bir xil mikrorelyefga, geografik tuzumga, tuproq turiga, yer osti va yer usti suvlariga, mikroiqlimga, o‘simlik va hayvonot dunyosiga ega bo‘lgan eng kichik tabiiy hududiy komplekslardir.
  Fatsiyalar xaritasining tahlili natijasida hududda qanday tuproq va o‘simlik qoplami, qanday tog‘ jinslari va qanday relyef shakllari tarqalganligi aniqlanadi. Masalan, daryoning qayeirida asosan shag‘al toshlar, qumlar tarqalgan bo‘ladi, tuproq qoplami yupqa yoki yo‘q darajada, terrasa yuzlarida esa lyoss va lyossimon jinslar tarqalgan, tuproq qoplami qalin, pastqam joylarda yer osti suvlari sathi baland, shuning uchun bunday yerlarda botqoqliklar ko‘proq tarqalgan bo‘ladi.
  Hududning tabiiy sharoiti va resurslarini o‘rta va mayda masshtabli landshaft xaritalari yordamida ham o‘rganish mumkin. Bunday landshaft xaritalari asosida yer, o‘simlik, yaylov, o‘rmon, tuproq va hayvonot resurslari haqida ma’lumotlar olinadi.
  Yangi yerlarni o‘zlashtirish va ularni sug‘orishga tayyorlash loyihalashini tuzayotganda relyef va yer osti suvlarining harakat yo‘nalishi va ularning to‘planish hududlarini aniqlash muhim ahamiyatga ega. Masalan, XX asrning 60-yillarida Tojikistondagi Zarafshon tumanida Mirzacho‘lning janubiy qismidagi prolyuvial tekislikning yuqori qismida 15 ming gektar yer o‘zlashtirilib, sug‘orila boshlandi. Oqibatda prolyuvial tekislikning quyi qismida joylashgan O‘zbekistonning 50 ming gektar yerida yer osti suvlari sathi ko‘tarilib, tuproqlarni sho‘r bosdi. Chunki, prolyuvial tekislikda yer osti suvlarining gorizontal (yotiq) harakati kuchli bo‘lishi tufayli Zafarobod tumanida sug‘orish boshlanishi bilan tuproqqa shimilgan suvlar prolyuvial tekislikning etak qismlari tomon hara­kat qilgan. Oqibatda yer osti suvlari sathi ko‘tarilib, Mirzacho‘lning avvaldan sug‘orib kelinayotgan yerlarida katta hududni sho‘r bosishiga olib kelgan.
  Sug‘orish va zovur tarmoqlarini loyihalashda landshaft tahlilini amalga oshirish uchun quyidagilarga e’tibor beriladi: hududning relyefi chuqur tahlil qilinadi, sug‘orish tarmoqlari hududning baland joylaridan, zovur tarmoqlarini esa pastqam joylaridan o‘tkazish loyihalashtiriladi. Chunki pastqam joylarda yer osti suvlari sathi yer yuzasiga yaqin bo‘ladi. Shuning uchun bunday joylardan kollektor-zovur tarmoqlari o‘tkazilganda yer osti suvlari tez pasayadi va sho‘rlanishning oldi olinadi.
  Sanoat korxonalarini joylashtirishda juda ko‘p omillarni hisobga olish lozim. Sanoat korxonasi qanday mahsulot ishlab chiqaradi, atrof-muhitga qanday zararli moddalar tarqaladi va h.k. Atmosferaga ko‘proq ifloslovchi moddalarni chiqaradigan sanoat korxonalarini loyihalashtirishda relyef, doimiy shamollar yo‘nalishi, aholi manzilgohlarining joylashishi va boshqa omillar hisobga olinishi zarur. Atmosferaga tashlanayotgan chiqindilar tez tarqalib ketishi uchun korxona balandroq joyga qurilgani ma’qul.
 Sanoat korxonasi qurilishda doimiy shamollar yo‘nalishini hisobga olish muhim hisoblanadi. Masalan, O‘zbekiston chegarasidan 25 km uzoqlikda joylashgan Tojikiston hududidagi alumin zavodini qurishda shamollar yo‘nalishi hisobga olinmagan. Natijada, bu zavoddan chiqayotgan zararli chiqindilar Surxondaryo viloyatining Sariosiyo, Denov tumanlariga shamol ta’sirida uchib kelib, ekologik vaziyatni keskinlashtirib yuborgan.
 Shaharsozlik loyihalarini tuzishda quyidagilar e’tiborga olinishi lozim: hududning geologik tuzilishi, gidrogeologik sharoiti va relyefi, foydali qazilmalarning joylashishi va h.k.
  Shahar yoki qishloq qurilishidan avval hududning geologik tuzilishi chuqur tahlil qilinishi lozim. Shaharning asosi mustahkam bo‘lishi zarur. Agar inshootlar asosi g‘ovak, yumshoq va suvda erib ketadigan tog‘ jinslaridan iborat bo‘lsa, bino qurilganidan so‘ng ular o‘pirilishlar, cho‘kishlar natijasida ishdan chiqishi mumkin. Mabodo, shahar asosi suv tekkanda shishib ketadigan gillardan iborat bo‘lsa, binolarda yoriqlar paydo bo‘lib, yaroqsiz holga kelib qolishi mumkin. Masalan, Zarafshon shahri qurilganda 5-10 m chuqurlikda suv tekkanda tezda shishib ketadigan gillar borligi hisobga olinmagan. Oqibatda shahar qurilib, suv olib kelinganidan so‘ng, gillar shishib, 5-9 qavatli binolarning devorlarida yoriqlar paydo bo‘lib, ularning ba’zilari yaroqsiz holga kelib qolgan. Yangiyer shahrini qurishda relyef va yer osti suvlarining yo‘nalishi hisobga olinmagan edi. Natijada, tog‘ tarafdan shahar tomonga yer osti suvlarining oqishi oqibatida yer osti suvlarining sathi ko‘tarilib, yerlar sho‘rlanib ketdi. Shu sababli, Sirdaryo viloyatining markazi Yangiyer shahridan Guliston shahriga ko‘chirildi.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.